Donate

Okkupatsion iqtisodiyotdan – genotsid iqtisodiyotigacha

Tarjima va Tanqid10/08/25 09:08107

Kirish so‘zi

2025 yil iyun oyida BMTning 1967 yildan buyon okkupatsiya qilingan Falastin hududlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francesca Albanese «Okkupatsion iqtisodiyotidan — genotsid iqtisodiyotiga» nomli hisobotini taqdim etdi. Hujjatda qurol-aslaha, texnologiya, moliya, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, fan va turizmgacha bo‘lgan sohalardagi korporatib tuzilmalar falastin xalqini tizimli ravishda ezish, o’z hududlaridan siqib chiqarish va yo‘q qilish mexanizmlarida qanday faol ishtirok etayotgani batafsil ochib berilgan.

Dunyo ommaviy axborot vositalari hisobotga tezda e’tibor qaratdi: The Guardian, AP, Reuters va boshqa nashrlar Microsoft, Amazon, Palantir, Caterpillar kabi yirik kompaniyalar hamda moliyaviy tashkilotlarning nomi hisobotda tilga olinganini urg’uladi.

2025 yil iyul oyi boshida AQSh Francesca Albanesega shaxsiy sanksiyalar joriy qildi, uni Isroilga qarshi „siyosiy va iqtisodiy urush“da va antisemitizmda ayblashga urindi. Ayblovlar inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, BMT va Amnesty International tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Ular bu sanksiyalarni xalqaro adolat va BMT ekspertlarining mustaqilligiga zarba sifatida baholadi.

Shunga qaramay, Francesca Albanese o‘z ishini davom ettirmoqda va maqsadi adolat ekanini, uni shaxsiy tahdidlar yoki bosimlar to‘xtata olmasligini ta’kidlamoqda.

Biz, ushbu matn tarjimonlari, bu hisobotni o‘zbekzabon o‘quvchilarga yetkazish muhim, deb hisobladik. Shu bois uni dastlabki rejalashtirilgan matnlar ro‘yxatimizdan chetga chiqib bo‘lsa-da, tarjima qilib e’lon qilishga qaror qildik.

Eslatma: Ushbu tarjima Annex I — “Overview of the legal framework governing the legal responsibility of corporate entities in the occupied Palestinian territory” ilovani o‘z ichiga olmaydi.

Tarjimonlar: Manzura Xusnidinova, Nozima Olimova, Bobur Muratov, Javohir Nematov

Manba: United Nations Human Rights Office of the High Commissioner. A/HRC/59/23 — From economy of occupation to economy of genocide.  

Norasmiy tarjima

 

A/HRC/59/23

 

30-iyun 2025-yil

Asl nusxa: ingliz tili

 

Inson huquqlari bo‘yicha kengash

Ellik to‘qqizinchi sessiya

2025-yil 16-iyun — 11-iyul

Kun tartibining 7-bandi

Falastin va boshqa bosib olingan arab hududlarida inson huquqlari bo‘yicha vaziyat

 

Okkupatsion iqtisodiyotdan — genotsid iqtisodiyotigacha

1967-yildan buyon bosib olingan Falastin hududlarida inson huquqlarining holati to‘g‘risida Maxsus ma’ruzachining hisoboti

Francheska Albaneze

 

Hisobotning qisqacha mazmuni

Ushbu hisobotda 1967-yildan beri bosib olingan Falastin hududlaridagi inson huquqlari holati bo‘yicha maxsus ma’ruzachi, bosib olingan hududdagi falastinliklarni siqib chiqarish va o‘rniga o‘z aholisini joylashtirishga qaratilgan Isroilning ko‘chmanchi-mustamlakachilik loyihasini qo‘llab-quvvatlovchi korporativ mexanizmlarni o‘rganadi. Siyosiy yetakchilar va hukumatlar o‘z majburiyatlaridan bo‘yin tovlayotgan bir paytda, juda ko‘plab korporativ tuzilmalar noqonuniy bosqinchilik, aparteid va hozirgi genotsiddan foyda ko‘rib kelmoqda. Hisobotda fosh etilgan sheriklik — bu faqat aysbergning uchi; uni tugatish xususiy sektorni, shu jumladan uning rahbarlarini javobgarlikka tortmasdan amalga oshmaydi. Xalqaro huquq turli darajadagi javobgarlikni tan oladi — ularning har biri sinchkovlik va mas’uliyatni talab qiladi, ayniqsa, bu holatda xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va mavjudligi xavf ostida bo‘lsa. Bu genotsidni to‘xtatish va uni amalga oshirishga imkon bergan global tizimni yo‘q qilish uchun zarur qadamdir.

I.   KIRISH

1.  Mustamlakachilik harakatlari va ular bilan bog‘liq genotsidlar tarixan korporativ sektor tomonidan ilgari surilgan va qo‘llab-quvvatlangan. Tijorat manfaatlari tubjoy xalqlarni o‘z yerlaridan mahrum qilishga xizmat qilgan — bu hukmronlik shakli “mustamlakachilik irqiy kapitalizmi” deb ataladi. Isroilning Falastin yerlarini mustamlaka qilishi, bosib olingan Falastin hududlariga kengayishi va ko‘chmanchi-mustamlakachilik asosidagi aparteid tuzumini institutsionalizatsiya qilishi ham aynan shu jarayonning davomidir. Falastin xalqining o‘z taqdirini belgilash huquqini o‘nlab yillar davomida inkor etgan Isroil, endilikda Falastinda falastin xalqining mavjudligiga ham tahdid solmoqda.

2.  Mazkur tergov hisoboti noqonuniy Isroil ishg‘oli va G‘azodagi davom etayotgan genotsid kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayotgan korporativ tuzilmalar roliga bag‘ishlangan bo‘lib, u falastinliklarni o‘z yurtlaridan mahrum qilish va yo‘q qilishga qaratilgan Isroilning ikki tomonlama siqib chiqarish va o‘rniga o‘z aholisini joylashtirishga qaratilgan ko‘chmanchi-mustamlakachilik siyosatini korporativ manfaatlar qanday qo‘llab-quvvatlayotganini tahlil qiladi. Maxsus ma’ruzachi qurol ishlab chiqaruvchilar, texnologik kompaniyalar, qurilish firmalari, qazib olish va xizmat ko‘rsatish sohalari, banklar, pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari, universitetlar va xayriya tashkilotlari kabi turli sohalardagi korporativ tuzilmalarni ko‘rib chiqadi. Ushbu tuzilmalar bosib olingan Falastin hududida o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqining inkor etilishi va bosib olish, anneksiya, aparteid va genotsid jinoyatlari hamda kamsitish, vayron qilish, majburiy ko‘chirish, talon-taroj, sudsiz o‘ldirish va ochlikka mahkum qilish kabi boshqa ko‘plab inson huquqlari buzilishlariga imkon yaratmoqda.

3.  Agar inson huquqlari bo‘yicha zaruriy tekshiruvlar to‘g‘ri amalga oshirilganida, korporativ tuzilmalar allaqachon Isroilning bosib olish siyosatidan voz kechgan bo‘lar edi. Biroq, 2023-yil oktyabridan so‘ng, korporativ tuzilmalar G‘azoni vayron qilgan va 1967-yildan beri G‘arbiy sohilda eng ko‘p falastinlikni ko‘chirishga olib kelgan harbiy kampaniya davomida "ko‘chirish–o‘rniga o‘z aholisini joylashtirish" jarayonining tezlashishiga hissa qo‘shdi.

4.  O‘nlab yillar davomida bosib olingan Falastin hududlaridan foyda ko‘rishda korporativ tuzilmalar qanday darajada va miqyosda hamkorlik qilgani to‘liq ochib berilishi imkonsiz bo‘lsa-da, ushbu hisobot ko‘chmanchi-mustamlaka bosqinchiligi va genotsid iqtisodiyotlarining qanday uyg‘unlashganini fosh etadi. Unda Maxsus ma’ruzachi korporativ tuzilmalar va ularning rahbarlarini ham ichki, ham xalqaro miqyosda javobgarlikka tortishga chaqiradi: begunoh insonlar hayotining yo‘q qilinishidan foyda olayotgan tijorat faoliyati to‘xtatilishi kerak. Korporativ tuzilmalar inson huquqlarining buzilishi va xalqaro jinoyatlarga sherik bo‘lishdan bosh tortishi yoki javobgarlikka tortilishi lozim.

II. METODOLOGIYA

5.  Ushbu hisobotda “korporativ tuzilmalar” deganda biznes korxonalari, transmilliy korporatsiyalar, xususiy, davlatga qarashli yoki aralash bo‘lishidan qat’i nazar, tijorat va notijorat tashkilotlarni anglatadi. Korporativ mas’uliyat tashkilotning hajmi, sohasi, faoliyat yuritayotgan muhiti, mulkchilik shakli va tuzilmasidan qat’i nazar amal qiladi.

6.  Hisobotda Maxsus ma’ruzachi fuqarolik jamiyati vakillari hamda inson huquqlari, transmilliy korporatsiyalar va boshqa biznes sub’yektlari masalalari bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan yaratilgan keng qamrovli adabiyotlarga tayangan holda, Isroil bosqinchilik orqali qanday qilib o‘z iqtisodiyotini shakllantirgan va ushlab turganini, falastinliklar uchun esa qaram iqtisodiy tizimni yaratganini ko‘rsatadi.

7.  Maxsus ma’ruzachi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari (OHCHR) tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 31/36 va 53/25-sonli rezolyutsiyalariga muvofiq yaratilgan ma’lumotlar bazasiga tayanadi va uni noqonuniy Isroil bosqinining keng doirasida ko‘rib chiqadi. Ushbu OHCHR ma’lumotlar bazasida faqatgina “aholi punktlarining qurilishi va kengayishiga bevosita yoki bilvosita imkon yaratgan, ko‘maklashgan va foyda ko‘rgan” biznes sub’yektlar ro‘yxati keltirilgan.

8.  Maxsus ma’ruzachi tergovga tayyorgarlik jarayonida bergan murojaatiga javoban kelib tushgan 200 dan ortiq misli ko‘rilmagan miqdordagi taqdimnomalar asosida taxminan 1 000 ta korporativ tuzilmani o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini ishlab chiqdi. Bu bosib olingan Falastin hududida inson huquqlari buzilishi va xalqaro jinoyatlarga dunyodagi korporativ tuzilmalar qanday aloqador ekanini aniqlashga yordam berdi. Hisobotda nomi keltirilgan 45 dan ortiq tuzilma Maxsus ma’ruzachining bir qator da’volar tuzishiga sabab bo‘lgan faktlar to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilingan bo‘lib, ulardan faqat 15 tasi javob qaytardi. Korporativ tuzilmalar murakkab va ko‘pincha yashirin bo‘lgan aloqalar tarmog‘I, ya’ni bosh kompaniyalar bilan sho‘ba korxonalar, franshizalar, qo‘shma korxonalar, litsenziyalar va boshqalar orqali bundan ham ko‘proq narsani anglatadi. Ushbu hisobot ortidagi tergov korporativ tuzilmalar o‘z ishtirokini yashirish uchun qanchalik uzoqqa borishini ochib berdi.

9.  Hisobotga ilova qilingan qo‘shimcha hujjat ushbu masalaga taalluqli huquqiy asoslar sharhini taqdim etadi.

III. HUQUQIY KONTEKST

10. Korporativ mas’uliyatni tartibga soluvchi huquq zo‘ravonlik bilan mulkdan mahrum etish va xususiy hokimiyat o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar, shuningdek, ko‘chmanchi-mustamlakachilik va irqiy segregatsiya bilan korporatsiyalarning hamkorlik merosida chuqur ildizlarga ega.

11. Davlatga o‘xshash keng vakolatlar berilgan dastlabki ustav kompaniyalari, Yevropa iqtisodiyoti uchun mustamlakalararo savdo tobora muhim ahamiyat kasb eta boshlagani sari, asta-sekin “mas’uliyati cheklangan” xususiy korporativ tuzilmalarga aylandi. Mustamlakachi davlatlar esa tubjoy xalqlarni yerlaridan mahrum qilish, ularni qullikka solish va ularning boyliklarini tortib olishdagi javobgarlikni boshqalarga yuklash, yashirish va chetlab o‘tish uchun ushbu aloqalarga tayanishda davom etdi. Korporativ tuzilmalar bu huquqiy ajratilish pardasidan nafaqat foyda ko‘rdi, balki xalqaro huquqni shakllantiruvchi kuch sifatida ham maydonga chiqdi.

12. Bugungi kunda ayrim yirik korporativ konglomeratlar butun boshli suveren davlatlarning yalpi ichki mahsulotidan (YaIM) ham ustun turadi. Ba’zida o‘z ta’siri jihatidan — siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy sohalarda — davlatlardan ham kuchliroq bo‘lgan bu korporatsiyalar huquq egasi sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda, biroq bunga mos majburiyatlar hali ham yetarlicha belgilanmagan. Ulkan kuch va javobgarlik o‘rtasidagi bu nomutanosiblik global boshqaruv tizimidagi asosiy bo‘shliqni ochib beradi.

13. Korporatsiyalar va ularning vatani bo‘lgan davlatlar — asosan global ozchilikni tashkil etuvchi davlatlar — hanuzgacha mustamlakachilikdan meros bo‘lib qolgan tuzilmaviy tengsizliklardan foyda ko‘rishda davom etmoqda. Shu bilan birga, ilgari mustamlaka bo‘lgan davlatlardagi zaif nazorat tizimlari hamda rivojlanish va investitsiya zaruriyati sababli, korporatsiyalar ko‘pincha javobgarlikdan qochib qutulmoqda.

14. Shunga qaramay, muhim tarixiy misollar mavjud. Holokostdan keyingi sanoatchilar ustidan o‘tkazilgan sud jarayonlari, masalan, I.G. Farben ishi, xalqaro jinoyatlarda ishtirok etgan korporatsiya rahbarlarining xalqaro jinoiy javobgarligini tan olish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Janubiy Afrika Haqiqat va yarashuv komissiyasi aparteid davridagi korporatsiyalarning inson huquqlari buzilishidagi ishtirokini fosh etgan holda, ularning javobgarligi masalasini shakllantirishga yordam berdi. Ichki va xalqaro sud jarayonlarining ortib borayotgani esa korporativ javobgarlikka bo‘lgan ehtiyoj tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

15. Falastin misoli esa xalqaro me’yorlarni yana bir bor sinovdan o‘tkazmoqda.

16. Bugungi kunda, Biznes va inson huquqlari bo‘yicha rahbariy tamoyillar davlatlar hamda korporativ tuzilmalarning xalqaro huquq talablariga rioya etish bo‘yicha me’yoriy asosini belgilaydi. Davlatlar uchinchi tomonlar tarafidan inson huquqlarining buzilishini oldini olish, tergov qilish, jazolash va zararni qoplash bo‘yicha asosiy majburiyatga egadirlar; agar bu majburiyatlarni bajarmasalar, ular o‘z zimmasidagi majburiyatlarni buzgan hisoblanadi. Rahbariy tamoyillar, davlatlar o‘z asosiy majburiyatlarini bajarishi yoki bajarmasligidan qat’i nazar, korporatsiyalar faoliyatiga tatbiq etiladigan inson huquqlari standartlarini mustahkamlab beradi. Xalqaro gumanitar huquq va jinoyat huquqi ham xususiy subyektlarga nisbatan alohida majburiyatlar va javobgarliklarni yuklaydi, ularning ijrosini ta’minlash esa asosan milliy yurisdiktsiyalar zimmasidadir.

17. Rahbariy tamoyillar korporativ tuzilmalar inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, bu ta’sirga hissa qo‘shgan yoki u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan holatlarga qarab ularning javobgarlik darajasini aniqlovchi uzluksiz majburiyatlar zanjirini belgilaydi. Mojarolar davrida korxonalar inson huquqlariga oid xavflarni aniqlash va o‘z faoliyatlarini shunga mos ravishda o‘zgartirish uchun kuchaytirilgan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari shart. Korporativ tuzilmalarning javobgarligi ularning harakatlari va inson huquqlariga ko‘rsatgan ta’siriga qarab aniqlanadi: ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish (due diligence) ularni javobgarlikdan ozod qilish uchun yetarli emas. Eng kamida, inson huquqlariga salbiy ta’sir bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan korporatsiyalar ta’sir o‘tkazish imkoniyatini ishga solishlari yoki o‘z faoliyati yoki aloqalarini to‘xtatishni ko‘rib chiqishlari lozim. Bunday chora ko‘rmaslik javobgarlikka olib kelishi mumkin. Agar huquqbuzarliklar jinoyat tarkibini tashkil etsa, korporativ rahbarlar va tobora ko‘proq hollarda korporatsiyalarning o‘zlari ham jinoyatlar to‘g‘risida xabardor bo‘lganliklari yoki ularga moddiy hissa qo‘shganliklari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

18. Bosib olingan Falastin hududida o‘nlab yillar davomida hujjatlashtirilgan inson huquqlari buzilishlari va jinoyatlar asoslanib, so‘nggi sud qarorlari shuni aniq ko‘rsatadiki, bosib olishning har qanday tarkibiy qismi bilan korporativ hamkorlik jus cogens normalarini va xalqaro jinoyatlarning buzilishi bilan bog‘liq (qarang: ilova). Irqiy segregatsiya va aparteid, o‘z taqdirini belgilash huquqining buzilishi hamda kuch ishlatishni taqiqlash kabi holatlarga tayanib, Xalqaro sud Isroilning, jumladan uning harbiy ishtiroki, mustamlakalari, infratuzilmasi va resurslarni nazorat qilish faoliyatining noqonuniyligini qat’iy tasdiqladi. Bundan tashqari, 2023-yil oktabr oyidan boshlab sodir etilgan vahshiyliklar Xalqaro sudda genotsid bo‘yicha, Xalqaro jinoiy sudda esa urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha sud jarayonlarini boshlab berdi. Xalqaro sud Isroilga odamlar hayotini izdan chiqaruvchi sharoitlar yaratishni to‘xtatishni buyurdi va yaqinda davlatlarga xalqaro konvensiyalarni buzishga olib kelishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larni yetkazib berishdan tiyilish bo‘yicha o‘z xalqaro majburiyatlarini eslatdi.

19. Ushbu qarorlar korporativ tuzilmalarga dastlabki ko‘rinishda quyidagi majburiyatni yuklaydi: ular bosib olish bilan bog‘liq har qanday faoliyatda ishtirok etmasliklari va/yoki undan butunlay va so‘zsiz chiqib ketishlari lozim, shuningdek, falastinliklar bilan har qanday hamkorlik ularning o‘z taqdirini belgilash huquqini ta’minlashi kerak.

20. Agar korporativ tuzilmalar Isroil bilan — ularning iqtisodiyoti, harbiy sohasi hamda bosib olingan Falastin hududiga bog‘liq bo‘lgan davlat va xususiy sektori bilan — o‘z faoliyatlarini va munosabatlarini davom ettirsa, ular quyidagi holatlarga ongli ravishda hissa qo‘shganlikda aybdor deb topilishi mumkin:

(a) Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqining buzilishi;

(b) Falastin hududining anneksiyasi, noqonuniy okkupatsiyani davom ettirish va natijada tajovuzkorlik jinoyati va u bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi;

© Aparteid va genotsid jinoyatlari;

(d) Boshqa qo‘shimcha jinoyatlar va huquqbuzarliklar.

21. Turli yurisdiktsiyalardagi  ham jinoiy, ham fuqarolik qonunlari korporativ tuzilmalar yoki ularning rahbarlarini inson huquqlarining buzilishi va/yoki xalqaro huquq bo‘yicha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish imkonini beradi.

IV.           KO’CHMANCHI-MUSTAMLAKACHILIK IQTISODIYOTIDAN GENOTSID IQTISODIYOTIGA

22. Ko‘chmanchi-mustamlakachilik yer egalarini haydab chiqarish orqali yerni egallash, undan foyda olish va oʻzlashtirishni oʻz ichiga oladi. Falastinda, tarixan, kompaniyalar arab aholisini siqib chiqarish va ularni boshqalar bilan almashtirish jarayonini boshlagan va unga ko‘maklashgan — bu esa ko‘chmanchi-mustamlakachilik asosidagi yo‘q qilish siyosatining asosiy tamoyiliga aylanadi. 1901-yilda tashkil etilgan Yahudiy milliy jamg‘armasi (Jewish National Fund), yer sotib oluvchi korporativ tashkilot, falastinlik arablarini bosqichma-bosqich ko‘chirishni rejalashtirish va amalga oshirishda muhim rol o‘ynagan. Bu jarayon 1948-yilgi “Naqba” (“fojea”) voqealari bilan keskin kuchaygan va hanuzgacha davom etmoqda.

23. Tobora ko‘proq korporativ tuzilmalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Isroil 1967-yildan keyin ayniqsa faol ravishda falastinliklarni yerlaridan mahrum qilish va majburan ko‘chirish siyosatini olib bormoqda. Korporativ sektor bu harakatga moddiy jihatdan hissa qo‘shib, Isroilga uylar, maktablar, kasalxonalar, hordiq va ibodat maskanlari, tirikchilik manbalari va zaytunzorlar kabi ishlab chiqarish aktivlarini yo‘q qilish, jamoalarni ajratib boshqarish hamda tabiiy resurslardan foydalanishni cheklash uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ va texnikani taqdim etdi. Bosib olingan Falastin hududida Isroilning noqonuniy mavjudligini harbiylashtirish va moddiy jihatdan rag‘batlantirish orqali, korporativ sektor falastinliklarga nisbatan etnik tozalash uchun sharoit yaratishda ishtirok etdi.

24. Korporativ tuzilmalar Falastin iqtisodiyotini bo‘g‘ish, bosib olingan hududlarda Isroilning kengayishini ta’minlash va falastinliklarni bosqinchilar bilan almashtirish jarayonini yengillashtirishda muhim rol o‘ynadi. Savdo va investitsiyalar, daraxt ekish, baliq ovlash va mustamlakalar uchun suvdan foydalanishga qo‘yilgan qat’iy cheklovlar qishloq xo‘jaligi va sanoatni izdan chiqardi hamda bosib olingan Falastin hududini tutqunlik bozoriga aylantirdi; kompaniyalar falastinliklar mehnati va resurslardan foydalanish, tabiiy resurslarni ifloslantirish va yo‘naltirish, mustamlakalar qurish va ularni energiya bilan ta’minlash, shuningdek, ulardan olingan mahsulot va xizmatlarni Isroilda, bosib olingan Falastin hududlarida va butun dunyo bo‘ylab sotish orqali foyda ko‘rmoqda. G‘arbiy sohil va G‘azo sektoriga oid Isroil-Falastin muvaqqat kelishuvi (Oslo II kelishuvi) bu ekspluatatsiyani mustahkamlab, resurslarga boy G‘arbiy sohilning 61 foizi (C zonasi) ustidan Isroilning de-fakto monopoliyasini institutsional ko‘rinishga keltirdi. Bu ekspluatatsiyadan Isroil foyda ko‘rmoqda, Falastin iqtisodiyoti esa bundan kamida o‘z YaIMining 35 foizini yo‘qotmoqda.

25. Moliyaviy va ilmiy muassasalar ham falastinliklarning majburiy ko‘chirilishi va ularning o‘rnini egallash uchun zarur sharoitlarning yuzaga kelishiga ko‘maklashgan. Banklar, aktivlarni boshqaruvchi firmalar, pensiya jamg‘armalari va sug‘urta kompaniyalari noqonuniy bosib olishni moliyalashtirish uchun mablag‘ yo‘naltirgan. Universitetlar, intellektual taraqqiyot va kuch markazlari, Falastin yerlarining mustamlaka qilishga asoslangan siyosiy mafkuraning yashab qolishini ta’minlagan, qurol-yarog‘ ishlab chiqqan va tizimli zo‘ravonlikka ko‘z yumgan yoki hatto uni ma’qullagan bo‘lsa, xalqaro ilmiy tadqiqot hamkorliklari falastinliklarning yo‘q qilinishini "ilmiy betaraflik" pardasi ostida yashirib kelgan.

26. 2023-yil oktabridan so‘ng, uzoq yillardan beri mavjud bo‘lgan nazorat, ekspluatatsiya va yeridan mahrum qilish tizimlari tubdan o‘zgarib, ommaviy zo‘ravonlik va katta miqyosdagi vayronagarchilik keltirib chiqarish uchun safarbar etilgan iqtisodiy, texnologik va siyosiy infratuzilmalarga aylandi. Ilgari bosib olish doirasida falastinliklarning yo‘q qilinishidan foyda ko‘rgan va bunga ko‘maklashgan tuzilmalar, bundan voz kechish o‘rniga, endilikda genotsid iqtisodiyotida ishtirok etmoqda.

27. Quyidagi bo‘limlar mustamlakachilik asosidagi falastinliklarni siqib chiqarish va o‘rniga o‘z aholisini joylashtirish iqtisodiyotining asosiy ustunlari orqali alohida va o‘zaro bog‘liq holda faoliyat yuritayotgan sakkizta asosiy sektor qanday qilib genotsid amaliyotlariga moslashganini ko‘rsatib beradi.

A. MAJBURAN KO‘CHIRISH

28. 2023-yil oktabrdan so‘ng, falastinliklarni majburan ko‘chirishni amalga oshirishda ishlatilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnologiyalar ommaviy qirg‘in va vayronagarchilik vositalariga aylantirildi, natijada G‘azo va G‘arbiy sohilning ayrim hududlari yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoldi. Odatda segregatsiya/aparteidni ta’minlash uchun qo‘llaniladigan kuzatuv va qamoqqa olish texnologiyalari falastinlik aholini tartibsiz nishonga olish vositalariga aylantirildi. G‘arbiy sohilda ilgari uylarni buzish, infratuzilmani yo‘q qilish va resurslarni tortib olish uchun ishlatilgan og‘ir texnikalar G‘azo shaharlari manzarasini yer bilan yakson qilish uchun qayta moslashtirildi, bu esa majburan ko‘chirilgan aholi guruhlarining o‘z uylariga qaytishi va jamoa sifatida tiklanishini imkonsiz holga keltirdi.

Harbiy sektor: yo‘q qilish sanoati

29. Harbiylashtirilgan zo‘ravonlik Isroil davlatining tashkil topishiga sabab bo‘lgan va uning mustamlakachilik siyosatining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda. Isroillik va xalqaro qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar falastinliklarni o‘z yerlaridan quvib chiqarish uchun tobora samaraliroq tizimlarni yaratdilar. Ular hamkorlik va raqobat orqali Isroilga zulm, bosim va vayronagarchilikni kuchaytirish imkonini beradigan texnologiyalarni takomillashtirdilar.

30. Uzoq davom etayotgan bosqin va ketma-ket harbiy kampaniyalar zamonaviy harbiy imkoniyatlarni sinovdan o‘tkazish uchun maydon yaratdi: havo mudofaasi tizimlari, dronlar, sun’iy intellekt asosidagi nishonga olish vositalari va hatto AQSh yetakchiligidagi F-35 dasturi. Ushbu texnologiyalar keyinchalik “jangda sinovdan o‘tgan” sifatida bozorda targ‘ib qilinadi.

31. Harbiy-sanoat kompleksi Isroil davlatining iqtisodiy tayanchiga aylangan. 2020-yildan 2024-yilgacha Isroil dunyodagi sakkizinchi eng yirik qurol eksportchisi bo‘ldi. Isroilning eng yirik ikkita qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyasi, avval davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilib keyinchalik xususiylashtirilgan Elbit Systems hamda davlatga qarashli Israel Aerospace Industries, butun dunyo bo‘yicha eng yirik 50 ta qurol ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatiga kiradi. 2023-yildan beri Elbit Systems Isroilning harbiy operatsiyalarida yaqindan ishtirok etib kelmoqda, kompaniyaning asosiy xodimlari Mudofaa vazirligiga biriktirilgan hamda 2024-yilda kompaniya Isroil mudofaa mukofotiga sazovor bo‘ldi. Elbit Systems va Israel Aerospace Industries mamlakat ichida qurol-yarog‘ bilan ta’minlovchi muhim manba hisoblanadi, shuningdek, qurol eksporti va harbiy texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish orqali Isroilning harbiy ittifoqlarini mustahkamlab kelmoqda.

32. Qurol-yarog‘ va texnik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlovchi xalqaro hamkorliklar Isroilning aparteidni davom ettirish va yaqinda G‘azoga qarshi hujumlarini qo‘llab-quvvatlash salohiyatini kuchaytirdi. Isroil tarixdagi eng yirik mudofaa xarid dasturidan, ya’ni Lockheed Martin boshchiligidagi F-35 qiruvchi samolyoti dasturidan foyda ko‘rmoqda. Bu dasturda kamida 1650 kompaniya, jumladan italiyalik Leonardo S.p.A. va sakkizta davlat ishtirok etmoqda. Dunyoda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlar Isroilning F-35 floti uchun hissa qo‘shmoqda; bu samolyotlar Lockheed Martin va isroillik kompaniyalar bilan hamkorlikda moslashtiriladi va texnik xizmatdan o‘tkaziladi. Isroil 2018-yilda F-35 samolyotini jangovar harakatlarda ilk bor qo‘llagan davlat bo‘ldi, 2025-yilda esa uni maksimal jangovar yuklama holati rejimida ishlatgan ilk davlat bo‘ldi. Lockheed Martinning F-35 va F-16 qiruvchi samolyotlari Isroil harbiy-havo kuchlarining asosiy elementlari bo‘lib, ular katta yuk ko‘tarish va o‘q otish imkoniyatlariga ega, jumladan, GBU-31 JDAM (aniq nishonga yo‘naltiriluvchi bomba) va MK-84 turkumiga mansub, og‘irligi 2000 funt bo‘lgan boshqarilmaydigan bombalarni tashishga qodir. F-35 bitta parvozda 18 000 funtgacha bomba olib yurishi mumkin. 2023-yil oktyabrdan so‘ng, F-35 va F-16 samolyotlari Isroilga misli ko‘rilmagan havo kuchini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi; ular yordamida, hisob-kitoblarga ko‘ra, 85 000 tonnadan ortiq bomba tashlangan, ularning katta qismi boshqarilmaydigan bombalar bo‘lgan. Natijada 179 411 nafardan ortiq falastinliklar o‘ldirildi va yaralandi, G‘azo vayron qilindi.

33. Dronlar, geksakopterlar va kvadrokopterlar Gʻazo osmonida doimiy oʻlim mashinalariga aylangan. Elbit Systems va Israel Aerospace Industries tomonidan ishlab chiqilgan va yetkazib berilgan dronlar koʻp yillardan beri qiruvchi samolyotlar bilan birga parvoz qilib, falastinliklarni kuzatib kelgan va nishonga olish boʻyicha razvedka ma’lumotlarini yetkazgan. Soʻnggi yigirma yil ichida, ushbu kompaniyalar va Massachusets texnologiyalar instituti kabi muassasalar bilan hamkorlikda, Isroil tomonidan qoʻllanilayotgan dronlar avtomatlashtirilgan qurol tizimlariga va toʻda shaklida uchish qobiliyatiga ega boʻldi.

34. Isroilni ushbu qurollar bilan ta’minlash va qurol-yarogʻ eksporti hamda importi boʻyicha bitimlarni amalga oshirish uchun ishlab chiqaruvchilar turli vositachilar tarmogʻiga tayanadi. Bu tarmoq ichiga yuridik firmalar, audit va konsalting kompaniyalari, qurol sotuvchilar, agentlar hamda brokerlar kiradi. Masalan, Yaponiyaning FANUC Corporation kompaniyasi qurol ishlab chiqarish liniyalari uchun, jumladan, Israel Aerospace Industries, Elbit Systems va Lockheed Martin uchun robot texnikasini yetkazib beradi. A.P. Moller — Maersk A/S kabi Daniya yuk tashish kompaniyalari esa ehtiyot qismlar, komponentlar, qurol-yarogʻ va xom ashyoni tashib, 2023-yil oktyabridan soʻng AQShdan kelayotgan harbiy uskunalar oqimini uzluksiz ta’minlab bermoqda.

35. Elbit Systems va Israel Aerospace Industries kabi isroillik kompaniyalar uchun davom etayotgan genotsid foydali biznesga aylangan. 2023-yildan 2024-yilgacha Isroilning harbiy xarajatlari 65 foizga oshib, 46,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi — bu jon boshiga hisoblaganda dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir — va bu ularning yillik daromadlarining keskin oʻsishiga olib keldi. Chet eldagi qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, ayniqsa o‘q-dorilar va snaryadlar ishlab chiqaruvchilar ham bundan foyda ko‘rmoqda.

Kuzatuv va jazolash tizimi: “startaplar davlati”ning qorong‘u tomoni

36. Falastinliklarga nisbatan repressiyalar tobora avtomatlashtirildi, texnologik kompaniyalar ikki maqsadli (fuqaroviy va harbiy) foydalanish mumkin bo‘lgan infratuzilmani taqdim etib, ommaviy ma’lumot to‘plash va kuzatuv tizimlarini integratsiyalashda ishtirok etmoqda hamda bosib olingan Falastin hududini harbiy texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun noyob maydon sifatida ishlatilayotgani orqali foyda ko‘rmoqda. AQShning yirik texnologik kompaniyalari Isroilda filiallar va ilmiy-tadqiqot markazlarini ochgani ortidan, Isroilning xavfsizlik ehtiyojlari haqidagi da’volari hibsga olish va kuzatuv sohalarida misli ko‘rilmagan taraqqiyotga turtki berdi. Bunga yopiq video nazorat (CCTV) tarmoqlari, biometrik kuzatuv, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan nazorat punktlari, “aqlli devorlar” va dron kuzatuvi, shuningdek, harbiy xizmatchilarni yerda qo‘llab-quvvatlaydigan bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili kabi vositalar kiradi.

37. Isroillik texnologik kompaniyalar koʻpincha harbiy infratuzilma va strategiyalarga asoslangan holda rivojlanadi, masalan, NSO Group sobiq 8200-harbiy razvedka bo‘limi a’zolari tomonidan tashkil etilgan kompaniya, mana shunday misollardan biridir. Ular ishlab chiqqan Pegasus josuslik dasturi yashirin tarzda smartfonlarni kuzatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, falastinlik faollarga qarshi qo‘llanilgan va butun dunyo bo‘ylab siyosatchilar, jurnalistlar hamda inson huquqlari himoyachilarini nishonga olish uchun litsenziyalashtirilgan. Mudofaa eksport nazorati to‘g‘risidagi qonun asosida eksport qilingan ushbu texnologiya “josuslik diplomatiyasi” vositasi sifatida xizmat qilmoqda hamda davlatning jazosiz qolishini mustahkamlab bermoqda.

38. IBM 1972-yildan beri Isroilda faoliyat yuritib keladi va ayniqsa 8200-harbiy razvedka bo‘linmasidan chiqqan harbiy va razvedka xodimlarini texnologiyalar sohasi va startaplar uchun tayyorlab kelmoqda. 2019-yildan boshlab, IBM Israel Isroilning Aholi va immigratsiya boshqarmasining markaziy ma’lumotlar bazasini boshqarib, uni yangilab kelmoqda va bu falastinliklar haqidagi biometrik ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va davlat tomonidan ishlatishga, shuningdek, Isroilning kamsituvchi ruxsatnomalar tizimini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. IBMdan oldin esa Hewlett Packard Enterprises (HPE) ushbu bazani boshqargan bo‘lib, uning Isroildagi sho‘ba korxonasi hanuz serverlar bilan ta’minlashda davom etmoqda. Hewlett Packard (HP) esa uzoq yillardan beri Isroilning aparteid tizimini texnologik jihatdan qo‘llab kelgan bo‘lib, u Bosib olingan hududlardagi hukumat faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (COGAT), qamoqxona tizimi va politsiyani texnologiya bilan ta’minlagan. 2015-yilda HP kompaniyasi Hewlett Packard Enterprises va HP Inc.ga ajratilgach, bu ikki kompaniyaning Isroildagi yettita sho‘ba korxonasi orqali olib borayotgan shaffof bo‘lmagan biznes tuzilmalari faoliyati yashirin holga keltirilgan.

39. Microsoft 1991-yildan beri Isroilda faoliyat yuritib kelmoqda va bu yerda AQShdan tashqaridagi eng yirik markazini rivojlantirmoqda. Uning texnologiyalari qamoqxona tizimi, politsiya, universitetlar va maktablarda, shu jumladan yahudiy koloniyalarida ham qo‘llanilmoqda. 2003-yildan boshlab Microsoft o‘zining tizimlari va fuqaroviy texnologiyalarini Isroil armiyasiga keng ko‘lamda integratsiya qilishni boshlagan, shuningdek, Isroildagi kiberxavfsizlik va kuzatuv sohasidagi startaplarni xarid qilib kelmoqda.

40. Isroilning aparteid, harbiy va aholini nazorat qilish tizimlari tobora ko‘proq ma’lumot ishlab chiqargani sayin, ularning bulutli saqlash va hisoblash texnologiyalariga bo‘lgan ehtiyoji ham ortmoqda. 2021-yilda Isroil hukumati Alphabet Inc. (Google) va Amazon.com Inc. kompaniyalariga 1,2 milliard dollarlik shartnoma (Project Nimbus)ni taqdim etgani holda, ushbu loyiha asosan Mudofaa vazirligi xarajatlari hisobidan moliyalashtirilib, davlat uchun asosiy texnologik infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi.

41. Microsoft, Alphabet va Amazon kompaniyalari Isroilga deyarli butun hukumat miqyosida o‘zlarining bulutli va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqda. Bu esa ma’lumotlarni qayta ishlash, qaror qabul qilish, kuzatuv va tahlil qilish salohiyatini kuchaytirmoqda. 2023-yil oktyabr oyida Isroilning ichki harbiy bulut tizimi yuklamaga bardosh bermagach, Microsoft (o‘zining Azure platformasi orqali) hamda Nimbus loyihasi konsortsiumi asosiy bulutli va sun’iy intellekt infratuzilmasi bilan zudlik bilan yordamga yetib keldi. Isroilda joylashgan serverlar esa ma’lumotlar ustidan suverenitetni ta’minlab, javobgarlikdan himoyani mustahkamlab bermoqda, bu esa deyarli hech qanday cheklov yoki nazoratni ko‘zda tutmaydigan qulay shartnomalar asosida amalga oshmoqda. 2024-yil iyul oyida Isroil armiyasining bir polkovnigi bulutli texnologiyalarni “har qanday ma’noda qurol” deb atar ekan, aynan shu kompaniyalarni tilga oldi.

42. Isroil harbiy kuchlari “Lavender”, “Gospel” va “Where’s Daddy?” kabi sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqdi, bu tizimlar ma’lumotlarni qayta ishlash va nishonlar ro‘yxatini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Bu harbiy harakatlar tabiatini o‘zgartirib, sun’iy intellektning ikki tomonlama — fuqaroviy va harbiy — qo‘llanilishi mohiyatini yaqqol ko‘rsatmoqda. Palantir Technologies Inc. kompaniyasi Isroil bilan texnologik hamkorligini 2023-yil oktyabrdan ancha ilgari boshlagan bo‘lib, keyinchalik o‘z yordamini kengaytirdi. Ularning avtomatlashtirilgan bashoratchi politsiya texnologiyasi, harbiy dasturiy ta’minotni tezkor va keng ko‘lamda yaratish va joriy etish imkonini beruvchi asosiy infratuzilma hamda jang maydonidagi ma’lumotlarni real vaqtda integratsiya qiluvchi va avtomatlashtirilgan qaror qabul qilishni ta’minlovchi sun’iy intellekt platformasini taqdim etganiga asosli dalillar mavjud. 2024-yil yanvar oyida Palantir Isroil bilan yangi strategik hamkorlikni e’lon qildi va Tel-Avivda boshqaruv kengashi yig‘ilishini “hamjihatlik belgisi sifatida” o‘tkazdi. 2025-yil aprelida esa kompaniya rahbari G‘azodagi falastinliklarning o‘limi bo‘yicha ayblovlarga javoban: “ularning ko‘pi terrorchi edi, bu rost, ” deya javob berdi. Bu ikki holat ham Isroil tomonidan noqonuniy kuch ishlatilishiga kompaniya rahbariyati darajasida xabardorlik va maqsadli ishtirok bo‘lganidan, hamda bu harakatlarning oldini olish yoki ishtirokni to‘xtatish bo‘yicha chora ko‘rilmaganidan dalolat beradi.

43. “Startaplar mamlakati” sifatida tanilgan Isroil, 11-sentabrdan keyingi global xavfsizliklashuv to‘lqinidan rag‘bat olgan holda, genotsid davrida sezilarli darajada kuchaytirildi. 2024-yilda harbiy texnologiya sohasidagi startaplar soni 143 foizga oshgan bo‘lib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan startaplar soni bo‘yicha Isroil dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Genotsid davomida esa texnologiya Isroil eksportining 64 foizini tashkil etdi.

Fuqaroviy ko‘rinish: ko‘chmanchi-mustamlakachilik vayronkorligiga xizmat qiluvchi og‘ir texnika

44. Fuqaroviy texnologiyalar uzoq yillardan beri ko‘chmanchi-mustamlakachilik okkupatsiyasida ikki tomonlama — fuqaroviy va harbiy — vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda. Isroil harbiy amaliyotlari dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning texnik jihozlariga tayangan holda falastinliklarni o‘z yerlaridan “ajratib yuborish”, ularning uylarini, jamoat binolarini, qishloq xo‘jaligi yerlari, yo‘llar va boshqa hayotiy infratuzilmani buzishga yo‘naltirilgan. 2023-yil oktyabridan buyon bu texnika G‘azodagi binolarning 70 foizi va ekin maydonlarining 81 foizini shikastlash va yo‘q qilish jarayonining ajralmas qismiga aylandi.

45. O‘n yillardan beri Caterpillar Inc. Isroilga falastinliklarning uylarini va infratuzilmasini buzishda ishlatiladigan texnikani taqdim etib keladi. Bu ham AQShning Xorijiy harbiy moliyalashtirish dasturi orqali, hamda Isroil qonunchiligiga muvofiq harbiy xizmatga jalb qilingan eksklyuziv litsenziat orqali amalga oshiriladi. Israel Aerospace Industries, Elbit Systems va Leonardo DRS, Inc. tarkibidagi RADA Electronic Industries kabi kompaniyalar bilan hamkorlikda, Isroil Caterpillarning D9 buldozerini avtomatlashtirilgan, masofadan boshqariladigan, harbiy kuchlarning asosiy quroliga aylantirdi. Bu texnika 2000-yildan buyon deyarli barcha harbiy amaliyotlarda qo‘llanib, hujum yo‘laklarini tozalash, hududni “neytrallashtirish” va falastinliklarni o‘ldirish uchun ishlatilgan. 2023-yil oktyabridan beri Caterpillar texnikasi keng ko‘lamli buzish ishlarida, jumladan uylar, masjidlar va hayot uchun zarur infratuzilmani yo‘q qilishda, shifoxonalarga reyd uyushtirishda hamda yarador falastinliklarni tiriklayin ko‘mishda qo‘llangani hujjatlashtirilgan. 2025-yilda esa Caterpillar Isroil bilan yana ko‘p million dollarlik yangi shartnoma tuzdi.

46. Koreyaning HD Hyundai va uning qisman tegishli sho‘ba korxonasi Doosan, shuningdek, Shvetsiyaning Volvo Group hamda boshqa yirik og‘ir texnika ishlab chiqaruvchilari uzoq yillardan beri falastin mulkini yo‘q qilish bilan bog‘liq bo‘lib keladi, ularning har biri texnikani faqat litsenziyaga ega isroillik dilerlar orqali yetkazib beradi. Volvoning litsenziyati BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma’lumotlar bazasiga kiritilgan kompaniya bo‘lib, ular birgalikda mustamlakachilarni tashish uchun sotiladigan zirhlangan avtobuslar ishlab chiqaruvchi Merkavim Transportation Technologies Ltd. kompaniyasiga egalik qiladi. Kamida 2007-yildan beri Volvo texnikasi Sharqiy Quddus va Masafer Yattani ham o‘z ichiga olgan falastin hududlarini buzishda ishlatilgan. O‘n yildan ortiq vaqt davomida HD Hyundai texnikasi falastinliklarning uylarini buzish va qishloq xo‘jaligi yerlari, jumladan zaytun bog‘larini yo‘q qilish uchun qo‘llanib kelgan. 2023-yil oktyabridan so‘ng Isroil ushbu kompaniyalar texnikasidan G‘azo shaharlarida vayronagarchilik keltirishda, jumladan Rafah va Jabaliyani tekislashda yanada ko‘proq foydalandi, shundan so‘ng harbiylar ularning logotiplarini yashirishga kirishdi.

47. Ushbu kompaniyalar texnikaning Isroil tomonidan jinoyatlarda qo‘llanilganiga oid ko‘plab dalillar va inson huquqlari tashkilotlarining aloqalarni uzishga doir takroriy chaqiriqlariga qaramay, Isroil bozoriga yetkazib berishni davom ettirmoqda. Passiv yetkazib beruvchilar esa bunday sharoitda majburiy ko‘chirish tizimining ongli ishtirokchilariga aylanadi.

B. O’rnini egallash

48. Korporativ subyektlar bosib olingan Falastin hududida falastinliklarning hayotini yo‘q qilishga hissa qo‘shganidek, uning o‘rnini egallaydigan narsalarni qurishda ham ishtirok etmoqda: mustamlaka aholi punktlari va ularning infratuzilmasini barpo etish, xomashyo, energiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qazib olish va savdosi, shuningdek, bu hududlarga go‘yoki oddiy dam olish maskanidek sayyohlarni olib kelish. 2023-yil oktyabridan keyin bu faoliyatlar aholi punktlari qurilishi sohasida misli ko‘rilmagan o‘sishni ta’minladi. Korporativ tuzilmalar falastin xalqini yo‘q qilishga qaratilgan hayot sharoitlarini yaratishda, jumladan suv, elektr energiyasi va yoqilg‘ining deyarli to‘liq uzib qo‘yilishi orqali, hanuzgacha quvvat manbai bo‘lib qolmoqda va bundan foyda ko‘rishda davom etmoqda.

Qurilish: o‘g‘irlangan yerdagi uy

49. Bosib olingan Falastin hududida tubjoy aholini Isroil tomonidan o‘rnini bosishga ko‘maklashayotgan kompaniyalar tomonidan 371 dan ortiq aholi punktlari va noqonuniy posyolkalar qurilgan, ularga energiya yetkazib berilgan va ular bilan savdo qilingan. 2024-yilda bu jarayon yanada kuchaydi — aholi punktlarini boshqarish harbiy idoradan fuqaroviy hukumatga o‘tkazildi va Qurilish va uy-joy vazirligi byudjeti ikki baravar oshirildi, mustamlaka aholi punktlari qurilishi uchun 200 million dollar ajratildi. 2023-yil noyabrdan 2024-yil oktyabrigacha Isroil 57 ta yangi aholi punktlari va posyolkalar barpo etdi, bu jarayonda isroillik va xalqaro kompaniyalar texnika, xomashyo va logistika yordami bilan ta’minladi.

50. Caterpillar, HD Hyundai va Volvo ekskavatorlari hamda boshqa og‘ir texnikalari kamida 10 yildan beri noqonuniy aholi punktlarini qurishda ishlatilmoqda. Germaniyaning Heidelberg Materials AG kompaniyasi o‘zining sho‘ba korxonasi Hanson Israel orqali G‘arbiy sohilda falastin qishloqlaridan tortib olingan yerda joylashgan Nahal Raba kareridan millionlab tonna dolomit toshini talon-toroj qilishga hissa qo‘shgan. 2018-yilda Hanson Israel shu karerdan olingan materiallarni mustamlaka aholi punktlari qurilishi uchun yetkazib berish bo‘yicha davlat tenderini yutib oldi va shundan beri karer zaxirasini deyarli tugatdi, natijada uni kengaytirish bo‘yicha uzluksiz so‘rovlar qilinmoqda.

51. Turli kompaniyalar aholi punktlarini barpo etish va kengaytirishda, ularni Isroil bilan bog‘lashda, shu bilan birga falastinliklarni chetlash va segregatsiya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar va jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shdi. Ispaniya/Bask mamlakatining Construcciones Auxiliar de Ferrocarriles kompaniyasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma’lumotlar bazasida qayd etilgan kompaniya bilan konsortsium tuzib, Qizil liniyani (Jerusalem Light Rail Red Line) saqlash va kengaytirish hamda yangi Yashil liniyani qurish ishlariga qo‘shildi. Bu jarayon boshqa kompaniyalar xalqaro bosim tufayli loyihadan chiqib ketgan paytda amalga oshirildi. Ushbu liniyalar G‘arbiy Sohilda 27 kilometr yangi temiryo‘l va 50 ta yangi stansiyani o‘z ichiga oladi hamda aholi punktlarini G‘arbiy Quddus bilan bog‘laydi. Qurilish ishlarida Doosan va Volvo ekskavatorlari va boshqa texnikalari qo‘llangan, Heidelbergning sho‘ba korxonasi esa yengil temiryo‘l ko‘prigi uchun material yetkazib bergan.

52. Ko‘chmas mulk kompaniyalari aholi punktlaridagi mulklarni isroillik va xalqaro xaridorlarga sotmoqda. Global ko‘chmas mulk guruhi Keller Williams Realty LLC o‘zining isroillik franshizasi KW Israel orqali aholi punktlarida filiallarga ega bo‘lgan. 2024-yil mart oyida Keller Williams boshqa franshizasi — Home in Israel orqali Kanada va AQShda ko‘chmas mulk bo‘yicha taqdimot turini o‘tkazdi. Ushbu tadbir bir nechta kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilib, ular aholi punktlarida minglab kvartiralarni ishlab chiqish va sotish bilan shug‘ullanadi.

Tabiiy resurslar ustidan nazorat: yo‘q qilishga qaratilgan hayot sharoitlarining inkubatori

53. 1967-yildan beri Isroil falastinliklarning tabiiy resurslari ustidan tizimli nazorat o‘rnatib keladi. U o‘z aholi punktlarini Isroil milliy tizimlariga integratsiya qilgan infratuzilmani qurib, falastinliklarning ularga qaramligini mustahkamladi.

54. 2023-yil 9-oktabrda Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant G‘azoga “to‘liq qamal” e’lon qilib, darhol suv, elektr energiyasi va yoqilg‘i ta’minotini uzganda, hayotni ko‘chirish va nazorat qilish uchun sun’iy yaratilgan bu qaramlik genotsid maqsadida ishga solindi. Ushbu ta’minot hech qachon to‘liq tiklanmadi va falastinliklarni guruh sifatida yo‘q qilishga qaratilgan hayot sharoitlarini ataylab yaratishga xizmat qildi. Shu sababli, 2023-yil oktyabridan keyin kuchaytirilgan G‘arbiy sohildagi resurslar ustidan nazoratni ham G‘azada davom etayotgan vayronagarchilikdan ajratib ko‘rib bo‘lmaydi.

Suv

55. Isroil falastinliklarni o‘z hududidagi ikkita yirik yer osti suv havzasidan olinadigan suvni bo‘rttirilgan narxlarda va uzilib-qirqilib ta’minlanadigan holda sotib olishga majbur qilmoqda. Isroilning milliy suv kompaniyasi Mekorot bosib olingan Falastin hududida suv bozorida to‘liq monopoliyaga ega. G‘azada qirg‘oqbo‘yi suv havzasidan olinadigan suvning 97 foizdan ortig‘i Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga javob bermaydi, bu esa aholining ichimlik suvining katta qismini Mekorot quvurlaridan olishga majbur qiladi. Kamida 2023-yil oktyabridan keyingi dastlabki olti oy davomida Mekorot G‘azodagi quvurlarini atigi 22 foiz quvvatda ishlatib, masalan, G‘azo shahri kabi hududlarni vaqtning 95 foizida suvsiz qoldirdi va shu tariqa suvni genotsid vositasiga aylantirishga bevosita hissa qo‘shdi.

Elektr energiyasi, gaz va yoqilg‘i

56. Xalqaro energetika kompaniyalari energiya talabchan Isroil genotsidini yoqilg‘i bilan ta’minlab keldi. Yoqilg‘i va ko‘mir importiga tayanadigan Isroil, o‘z hududi va bosib olingan Falastin hududini qamrab olgan yagona energetika infratuzilmasini saqlab turadi, bu esa noqonuniy mustamlakachilarni uzluksiz energiya bilan ta’minlashi bilan birga falastinliklarning ularga kirishini nazorat qiladi va to‘sadi. G‘azo elektr stansiyasi G‘azoning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining atigi 10–20 foizini ta’minlaydi, qolgan qismi esa generatorlar uchun yoqilg‘i va 10 ta isroillik ta’minot liniyalariga qattiq bog‘liq edi. 2023-yil oktyabridan beri Isroil G‘azoning katta qismiga elektr ta’minotini uzdi. Elektr energiyasi yoki yoqilg‘isiz suv nasoslarining aksariyati, shifoxonalar va transport tizimi to‘liq inqiroz yoqasiga keldi; kanalizatsiya tizimining ishdan chiqishi poliomiyelitning qayta tarqalishiga sabab bo‘ldi; hayot uchun muhim bo‘lgan sho‘r suvni tozalash zavodlari esa yopilishga majbur bo‘ldi.

57. Isroilga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yetkazib beriladigan ko‘mir asosan Kolumbiyadan keladi (2023–2024-yillarda Isroil ko‘mir importining 60 foizi). AQShda joylashgan Drummond Company, Inc. va Shveytsariyada joylashgan Glencore PLC asosiy yetkazib beruvchilardir. Ularning tegishli sho‘ba korxonalari konlar va uchta portga egalik qilib, 2023-yil oktyabridan buyon Isroilga 15 ta ko‘mir yukini yetkazib berdi, jumladan 2024-yil avgustida Kolumbiya Isroilga ko‘mir eksportini to‘xtatganidan keyin ham oltita yuk jo‘natildi. Glencore Janubiy Afrikadan kelgan yuklarni ham tashishda ishtirok etdi; bu yuklar 2023 va 2024-yillarda Isroil ko‘mir importining 15 foizini tashkil etdi.

58. Isroil gaz ta’minoti sohasida ham falastinliklarning qaramligini mustahkamlab keladi. G‘azo sektori o‘zining tabiiy gaz zaxiralaridan foydalana olmaydi, chunki Isroil bu resurslarni nazorat qiladi va ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanadi. Isroilning energiya kompaniyalari G‘azoga yoqilg‘i kirishini cheklash yoki butunlay to‘sib qo‘yish orqali falastinliklarning hayotiy ehtiyojlarini izdan chiqaradi. 2023-yil oktyabridan so‘ng gaz va yoqilg‘i yetkazib berishning to‘xtatilishi G‘azodagi uy xo‘jaliklarini, sog‘liqni saqlash muassasalarini va qishloq xo‘jaligini falokat yoqasiga olib keldi. Shu bilan birga, Isroil o‘zining ichki energiya bozorida tabiiy gaz qazib olish va eksport qilish hajmini oshirdi, bu esa G‘azo aholisi uchun yaratilgan sun’iy tanqislik bilan keskin kontrastni tashkil etdi.

59. Neft mahsulotlari ta’minoti ham Isroilning falastinliklarga nisbatan nazorat va bosim vositasiga aylangan. G‘azo sektori asosan tashqi yoqilg‘i importiga bog‘liq bo‘lib, bu jarayon Isroil tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. 2023-yil oktyabridan keyin yoqilg‘ining katta qismi kiritilmay qo‘yildi, natijada transport tizimi, generatorlar va sog‘liqni saqlash infratuzilmasi izdan chiqdi. Shu davrda Isroil esa o‘z harbiy va sanoat ehtiyojlarini to‘liq qondirib, hatto yoqilg‘i zaxiralarini eksport qilishni davom ettirdi. Bunday siyosat falastinliklar uchun ataylab yaratilgan hayotga yaroqsiz sharoitlarning ajralmas qismi bo‘lib, genotsid siyosatini kuchaytiradi.

60. Isroilni ko‘mir, gaz, neft va yoqilg‘i bilan ta’minlash orqali kompaniyalar Isroilning doimiy anneksiyani mustahkamlash va hozirda G‘azoda falastinliklarning hayotini yo‘q qilishda qurolga aylangan fuqaroviy infratuzilmasiga hissa qo‘shmoqda. Shu kompaniyalar resurs yetkazib berayotgan ayni infratuzilma Isroil harbiy kuchlariga va G‘azoni energiya talabchan, texnologiyaga asoslangan yo‘q qilish jarayoniga xizmat qilgan. Bunday infratuzilmaning tashqi ko‘rinishdagi fuqaroviy tabiati kompaniyani javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Noqonuniylik mevalarini savdoga chiqarish

Qishloq xo‘jaligi biznesi

61. Qishloq xo‘jaligi biznesi Isroil boshchiligidagi resurslarni talon-toroj qilish va yerlarni egallash siyosati hisobiga rivojlandi — bu jarayon Isroil ko‘chmanchi-mustamlakachilik manfaatlariga xizmat qiladigan mahsulot va texnologiyalarni ishlab chiqarish, bozor ustunligini kengaytirish va global investitsiyalarni jalb qilish bilan birga, falastinliklarning oziq-ovqat tizimlarini yo‘q qiladi hamda majburiy ko‘chirishni tezlashtiradi.

62. Isroildagi eng yirik oziq-ovqat konglomerati Tnuva, hozirda aksariyat ulushiga Xitoyning Bright Food (Group) Co., Ltd. egalik qiladi, yerlarni tortib olish siyosatini qo‘llab-quvvatlab keladi va undan foyda ko‘radi. Tnuva rahbari “qishloq xo‘jaligi, umuman olganda, va xususan sutchilik — bu strategik resurs va aholi punktlari loyihasining muhim tayanchi” ekanini ochiq tan olgan. Isroil kibbutzlar va qishloq xo‘jaligi posyolkalari orqali falastin yerlarini egallab, falastinliklarni o‘rnidan siqib chiqarmoqda. Tnuva kabi kompaniyalar bu jarayonga mazkur aholi punktlaridan mahsulot xarid qilish orqali hissa qo‘shadi, so‘ngra paydo bo‘lgan qamal ostidagi falastin bozoridan foydalanib, bozor ustunligini mustahkamlaydi. 2014-yilda Isroil G‘azo sut sanoatiga yetkazgan vayronagarchilikdan keyingi o‘n yil ichida falastinliklarning Isroil sut sanoatiga qaramligi 160 foizga oshdi, bu esa taxminan 43 million dollarlik zarar keltirdi. Tnuva G‘azo bozorining yo‘qotilishini o‘zlashtirdi, biroq mavjud katta ta’sir kuchidan foydalanib, vaziyatga ta’sir o‘tkazish uchun hech qanday chorani ko‘rmadi.

63. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha global yetakchi bo‘lgan Netafim, hozirda 80 foiz ulushi Meksikaning Orbia Advance Corporation kompaniyasiga tegishli, o‘z agrotexnologiyalarini Isroilning kengayish siyosatiga mos ravishda ishlab chiqdi. Global miqyosda “barqarorlik” imidjini saqlagan bo‘lsa-da, Netafim texnologiyalari G‘arbiy Sohilda suv va yer resurslaridan intensiv foydalanishga imkon berib, falastinliklarning tabiiy resurslarini yanada tugatmoqda, buning ustiga bu texnologiyalar Isroilning harbiy-texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikda takomillashtirilmoqda. Iordan vodiysida Netafim yordami bilan o‘rnatilgan sug‘orish tizimlari isroilliklarning ekin maydonlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda, falastinlik dehqonlar esa suvdan mahrum qilingan va yerlarining 93 foizi sug‘orilmaydigan sharoitda, Isroil ishlab chiqarishi bilan raqobatlasha olmay, bozordan siqib chiqarilmoqda. Bundan tashqari, bunday sug‘orish usullari Iordan daryosi va O‘lik dengizning qurib ketish xavfini kuchaytiradi.

64. Tnuva va Netafim kabi kompaniyalar isroilliklar uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni davom ettirmoqda, biroq ular mansub bo‘lgan oziq-ovqat tizimi boshqalar uchun oziq-ovqat xavfsizsizligini — hatto ocharchilikni — yuzaga keltirmoqda. Netafim o‘zini “barqaror innovator” sifatida targ‘ib qiladi, ammo amalda mustamlakachilik ekspluatatsiyasining qadimiy usullarini mukammallashtirmoqda.

Global chakana savdo

65. Isroil mahsulotlari, jumladan aholi punktlarida ishlab chiqarilgan tovarlar, yirik chakana savdo tarmoqlari orqali ko‘pincha hech qanday tekshiruvsiz global bozorga kirib kelmoqda. O‘sib borayotgan tanqidlardan qochish uchun kompaniyalar kelib chiqishni noto‘g‘ri yorliqlar, shtrix-kodlar va ta’minot zanjirini aralashtirish orqali yashiradi, bu esa okkupatsiya mahsulotlarini sotuvga tayyor holga keltiradi.

66. A.P. Moller — Maersk A/S kabi global logistika gigantlari ushbu tizimning ajralmas qismi bo‘lib, ular yillar davomida aholi punktlaridan va BMT OHCHR ma’lumotlar bazasida qayd etilgan kompaniyalardan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQShga va boshqa bozorga tashib kelgan.

67. Ko‘plab davlatlarda Isroil va uning aholi punktlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar o‘rtasida hech qanday farq qilinmaydi. Hatto mahsulotlarni yorliqlash talab etiladigan Yevropa Ittifoqida ham bu tovarlar bozorga kiritilmoqda, mas’uliyat esa xabarsiz iste’molchilar zimmasiga yuklanadi. Aholi punktlarining xalqaro huquqqa muvofiq noqonuniy ekanini hisobga olganda, bu mahsulotlar umuman savdo qilinmasligi kerak.

68. Ko‘plab yirik supermarket tarmoqlari, jumladan OHCHR ma’lumotlar bazasida qayd etilganlari, hamda Amazon.com kabi elektron tijorat platformalari bevosita aholi punktlarida faoliyat yuritib, ularning iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydi, kengayishini ta’minlaydi va kamsituvchi xizmat ko‘rsatish orqali aparteidda ishtirok etadi.

Okkupatsiya turizmi

69. Millionlab foydalanuvchilar mehmonxona va turar joy band qilish uchun ishlatadigan yirik onlayn sayohat platformalari aholi punktlarini qo‘llab-quvvatlovchi, falastinliklarni chetlatuvchi, mustamlakachi narrativlarini targ‘ib qiluvchi va anneksiyani oqlovchi turizmni sotish orqali okkupatsiyadan foyda ko‘radi.

70. Booking Holdings Inc. va Airbnb, Inc. Isroil aholi punktlaridagi uy-joylar va mehmonxona xonalarini ro‘yxatga oladi. Booking.com G‘arbiy sohildagi ro‘yxatlarini 2018-yildagi 26 tadan 2023-yil mayiga kelib 70 taga ko‘paytirdi, 2023-yil oktyabridan keyingi bir yil ichida Sharqiy Quddusdagi ro‘yxatlarni esa uch baravar oshirib, 39 taga yetkazdi. Airbnb ham mustamlakachilikdan foyda olish hajmini oshirib, 2016-yildagi 139 ta ro‘yxatdan 2025-yilda 350 taga chiqardi va 23 foizgacha komissiya undiradi. Ushbu ro‘yxatlar falastinliklarning yerga kirishini cheklash va yaqin atrofdagi qishloqlarga xavf tug‘dirish bilan bog‘liq. Masalan, Tekoada Airbnb mustamlakachilarni “iliq va mehribon jamoa” sifatida targ‘ib qiladi, shu bilan birga qo‘shni falastin qishlog‘i Tuqu‘ aholiga qarshi zo‘ravonliklarni oqlashga xizmat qiladi.

71. Booking.com va Airbnb 2020-yildan beri OHCHR ma’lumotlar bazasida qayd etilgan. Booking.com ayrim obyektlarni “Falastin hududi, Isroil aholi punkti” deb yorliqlashi mumkin, biroq u hanuzgacha aholi punktlaridan foyda olishda davom etadi va Gollandiya Qirolligida daromadlarni “yuvish” bo‘yicha jinoiy shikoyatlarga duch kelgan. Airbnb 2018-yilda noqonuniy aholi punktlaridagi obyektlarni qisqa muddatga ro‘yxatdan o‘chirgan, biroq bosim ostida bu qarorni bekor qilgan va hozirda foydasini “gumanitar” maqsadlarga yo‘naltirish orqali mustamlakachilikdan olinadigan foydani “gumanitar oqlash”ga aylantirmoqda.

C. Qo‘llab-quvvatlovchilar

72. Qo‘llab-quvvatlovchilar ro‘yxatiga — moliya, ilmiy-tadqiqot, yuridik, konsalting, ommaviy axborot vositalari va reklama kompaniyalari — kiradi. Ular ko‘p yillardan beri bilim, narrativlar, ko‘nikmalar va investitsiyalar orqali mustamlakachilik okkupatsiyasini qo‘llab, foyda ko‘rib va uni odatiy holga keltirib kelmoqda. Ushbu bo‘lim ikki asosiy qo‘llab-quvvatlovchi sohani yoritadi: moliya sektori va akademiya sektori.

Huquqbuzarliklarni moliyalashtirish

73. Moliya sektori Isroil okkupatsiyasi va aparteid siyosatining orqasidagi davlat va korporativ subyektlarga muhim moliyaviy oqimlarni yo‘naltirmoqda, garchi sektorning ko‘plab kompaniyalari Mas’uliyatli investitsiyalar tamoyillari va BMT Global shartnomasiga qo‘shilgan bo‘lsa ham.

74. Isroil davlat byudjetining asosiy moliyaviy manbai bo‘lgan g‘aznachilik obligatsiyalari G‘azoga qarshi davom etayotgan hujumlarni moliyalashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. 2022-yildan 2024-yilgacha Isroil harbiy byudjeti YAIMning 4,2 foizidan 8,3 foiziga oshdi va natijada davlat byudjeti 6,8 foizlik tanqislikka uchradi. Isroil bu o‘sib borayotgan byudjetni moliyalashtirish uchun obligatsiyalar emissiyasini oshirdi, jumladan 2024-yil martida 8 milliard dollar va 2025-yil fevralida 5 milliard dollar qiymatida, shuningdek, ichki yangi shekel bozorida emissiyalar o‘tkazdi. Dunyoning eng yirik banklaridan bo‘lgan BNP Paribas va Barclays ushbu xalqaro va ichki obligatsiyalarni kafolatlab, bozor ishonchini mustahkamlashga yordam berdi va shu orqali kredit reytingi pasayganiga qaramay foiz stavkalari oshishini chekladi. Aktivlarni boshqarish kompaniyalari — jumladan BlackRock (68 mln $), Vanguard (546 mln $) va Allianzning aktivlarni boshqaruvchi sho‘ba korxonasi PIMCO (960 mln $) — 36 mamlakatdan kamida 400 investor qatorida ularni xarid qildi. Shu bilan birga, Development Corporation for Israel (ya’ni Israel Bonds) Isroil hukumati uchun xorijdagi xususiy shaxslar va boshqa investorlar orasida obligatsiyalar sotishni tashkil qiladi. Bu korporatsiya 2023-yil oktyabridan beri yillik obligatsiya savdosini uch baravar oshirib, Isroilga qariyb 5 milliard dollar yo‘naltirdi va investorlarga obligatsiya daromadlarini Isroil armiyasi va aholi punktlarini qo‘llab-quvvatlovchi xayriya tashkilotlariga yuborish imkoniyatini taklif etdi.

75. Ushbu moliyaviy subyektlar milliardlab dollarni g‘aznachilik obligatsiyalariga va Isroil okkupatsiyasi hamda genotsidida bevosita ishtirok etayotgan kompaniyalarga yo‘naltirmoqda. BlackRock (va uning sho‘ba korxonasi iShares) hamda Vanguard ko‘plab kompaniyalardagi eng yirik institutsional investorlar qatoriga kiradi, bu aksiyalarni o‘zlarining o‘zaro fondlari va birjada savdolanadigan fondlar (ETF) indekslari tarkibida taqsimlaydi. BlackRock Palantir (8,6%), Microsoft (7,8%), Amazon.com (6,6%), Alphabet (6,6%) va IBM (8,6%) kompaniyalarida ikkinchi yirik institutsional investor; Lockheed Martin (7,2%) va Caterpillar (7,5%) kompaniyalarida esa uchinchi o‘rinda. Vanguard esa Caterpillar (9,8%), Chevron (8,9%) va Palantir (9,1%) kompaniyalarida eng yirik institutsional investor bo‘lib, Lockheed Martin (9,2%) va Elbit Systems (2,0%) kompaniyalarida ikkinchi yirik investor hisoblanadi. O‘zlarining aktivlarni boshqarish faoliyati orqali ular universitetlar, pensiya jamg‘armalari va o‘z jamg‘armalarini ularning fondlari va birjada savdolanadigan fondlarini sotib olish orqali bilvosita investitsiya qilayotgan oddiy odamlarni ham jalb qiladi. Investitsiya qarorlarida bu kompaniyalar ko‘pincha FTSE All-World ex-US, J.P. Morgan $ EM Corp Bond UCITS va MSCI ACWI UCITS kabi moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi firmalar tomonidan ishlab chiqilgan indekslarga tayanadi.

76. Jahon sug‘urta kompaniyalari, jumladan Allianz va AXA, ham okkupatsiya va genotsid bilan bog‘liq aksiyalar va obligatsiyalarga katta mablag‘ sarflaydi — bu qisman sug‘urta da’volari va tartibga solish talablari uchun kapital zahirasi sifatida, ammo asosan daromad olish maqsadida amalga oshiriladi. Allianz kamida 7,3 milliard dollar, AXA esa ayrim investitsiyalardan voz kechish qarorlariga qaramay, kamida 4,09 milliard dollar miqdorida ushbu hisobotda tilga olingan kompaniyalarga investitsiya qilmoqda. Ularning sug‘urta siyosatlari boshqa kompaniyalar Isroilda va bosib olingan Falastin hududlarida faoliyat yuritishda zarur bo‘ladigan xavflarni kafolatlaydi, shu orqali inson huquqlari buzilishlarini amalga oshirish imkonini beradi hamda operatsion muhitdagi xavflarni kamaytiradi.

77. Suveren jamg‘armalar va pensiya fondlari ham muhim moliyaviy manbalardir. Dunyoning eng yirik suveren jamg‘armasi bo‘lgan Norvegiya Davlat Pensiya Jamg‘armasi o‘zini dunyodagi eng keng qamrovli axloqiy qoidalarga ega deb hisoblaydi. 2023-yil oktyabridan so‘ng, jamg‘arma Isroil kompaniyalariga investitsiyasini 32 foizga oshirib, 1,9 milliard dollarga yetkazdi. 2024-yil oxiriga kelib, jamg‘arma o‘z qiymatining 6,9 foizini tashkil etuvchi 121,5 milliard dollarni faqat ushbu hisobotda tilga olingan kompaniyalarga yo‘naltirgan edi. Caisse de dépôt et placement du Québec, Kanadadagi olti million nafaqaxo‘r uchun 473,3 milliard Kanada dollari (328,9 milliard AQSh dollari) miqdoridagi pensiya mablag‘larini boshqaruvchi tashkilot, ushbu hisobotda nomi tilga olingan kompaniyalarga qariyb 9,6 milliard Kanada dollari (6,67 milliard AQSh dollari) investitsiya qilgan, garchi uning barqaror investitsiya siyosati va inson huquqlari bo‘yicha siyosati mavjud bo‘lsa-da. 2023-yildan 2024-yilgacha u Lockheed Martinga kiritilgan investitsiyalarni uch baravar, Caterpillarga kiritilgan investitsiyalarni to‘rt baravar va HD Hyundaiga kiritilgan investitsiyalarni o‘n baravar oshirgan.

78. Moliyaviy sektor, shuningdek, kompaniyalarga kreditlar orqali mablag‘ olish va ularning qarz majburiyatlarini kafolatlash orqali xususiy obligatsiyalar bozorida ularni sotish imkonini beradi. 2021-yildan 2023-yilgacha BNP Paribas Isroilni qurollantirayotgan harbiy sanoatning eng yirik Yevropadagi moliyachilaridan biri bo‘lib, jumladan Leonardo kompaniyasiga 410 million dollar kredit bergan, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariati (OHCHR) ma’lumotlar bazasida qayd etilgan kompaniyalarga 5,2 milliard dollar kredit va obligatsiyalarni kafolatlash xizmatlarini ko‘rsatgan. Xuddi shuningdek, 2024-yilda Barclays OHCHR ro‘yxatidagi kompaniyalarga 2 milliard dollar, Lockheed Martinga 862 million dollar va Leonardoga 228 million dollar miqdorida kredit va kafolatlar taqdim etgan.

79. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar moliyaviy maslahat beruvchi kompaniyalar va mas’ul investitsiyalar uyushmalarining atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) bo‘yicha investitsiyalarni baholashda okkupatsiya qilingan Falastin hududidagi inson huquqlari buzilishlarini inobatga olmaslik qarorlari bilan mustahkamlanadi. Bu esa “mas’ul” yoki “axloqiy” investitsiya fondlariga Isroil hukumatining obligatsiyalari va okkupatsiya qilingan hududlardagi huquqbuzarliklarga aloqador kompaniyalar aksiyalariga sarmoya kiritgan holda ham ESG talablariga mos bo‘lib qolish imkonini beradi.

80. Ushbu muhit G‘azoga qarshi hujum boshlanganidan beri Tel-Aviv fond birjasida ro‘yxatga olingan kompaniyalar aksiyalari qiymatining AQSh dollaridagi ekvivalenti bo‘yicha rekord darajadagi 179 foiz o‘sishiga olib keldi, bu esa 157,9 milliard dollar daromadga teng.

81. Diniy xayriya tashkilotlari ham noqonuniy loyihalarning, jumladan, okkupatsiya qilingan Falastin hududidagi loyihalarning muhim moliyaviy “kafillari”ga aylangan. Ko‘pincha ular qat’iy tartibga solinadigan xayriya tizimlariga qaramay, xorijda soliq chegirmalariga ega bo‘ladi. Yahudiylar milliy jamg‘armasi (KKL-JNF) va uning 20 dan ortiq sho‘ba tashkilotlari ko‘chmanchilarni kengaytirish va harbiy bog‘liq loyihalarni moliyalashtiradi. 2023-yil oktyabridan buyon Israel Gives kabi platformalar 32 mamlakatda Isroil harbiy bo‘linmalari va ko‘chmanchilari uchun soliqqa tortilmaydigan kraudfandingni amalga oshirishga imkon berdi. AQShdagi Isroil jamoalari xristian do‘stlari, Niderlandiyadagi Xristianlar Isroil uchun va ularning xalqaro filiallari 2023-yilda turli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun, jumladan, ayrimlari ekstremistik ko‘chmanchilarni tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi loyihalarga, 12,25 million dollardan ortiq mablag‘ yuborgan.

Bilim ishlab chiqarish va huquqbuzarliklarni oqlash

82. Isroilda universitetlar, ayniqsa, huqushunoslik, arxeologiya hamda Yaqin Sharq mintaqashunosligi fakultetlari aparteid mafkurasining asoslarini mustahkamlashda ishtirok etib, davlatga mos keladigan narrativlarni shakllantiradi, falastinliklar tarixini yo‘qqa chiqaradi va bosqinchilik amaliyotlarini oqlaydi. Shu bilan birga, fan va texnologiya bo‘limlari Isroil armiyasi hamda qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi pudratchilar, jumladan Elbit Systems, Israel Aerospace Industries, IBM va Lockheed Martin bilan hamkorlikda tadqiqot va rivojlantirish markazlari sifatida xizmat qiladi. Natijada, ular kuzatuv, odamlarni nazorat qilish, shahar urushi, yuzni aniqlash hamda nishonli o‘ldirish texnologiyalarini ishlab chiqishga hissa qo‘shadi. Bu vositalar falastinliklar ustidan sinovdan o‘tkaziladi.

83. Dunyoning yetakchi universitetlari, ayniqsa global miqyosda ozchilikni tashkil etuvchi davlatlardan chiqqanlari, falastinliklarga bevosita zarar yetkazuvchi sohalarda Isroil institutlari bilan hamkorlik qilmoqda. Massachusets Texnologiya Institutida (MIT) laboratoriyalar Isroil Mudofaa vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan qurol-yarog‘ va kuzatuv bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Bu MITda tadqiqotlarni moliyalashtirayotgan yagona xorijiy harbiy tuzilma hisoblanadi. Isroil Mudofaa vazirligining muhim loyihalari orasida dron to‘dalarini boshqarish (2023-yil oktabrdan beri G‘azo hududiga hujumlarning asosiy belgisi), ta’qib algoritmlari va suv osti kuzatuvlari bor. 2019-yildan 2024-yilgacha MIT Lockheed Martin kompaniyasidan qo’lga kiritgan mablag’ evaziga talabalar Isroildagi jamoalar bilan bog‘langan. 2017-yildan 2025-yilgacha esa Elbit Systems kompaniyasi MITning Sanoat aloqalari dasturiga a’zo bo‘lish uchun to‘lov qilgan, bu esa ularga ilmiy tadqiqotlar va iste’dodli kadrlar bilan bevosita aloqada bo‘lish imkonini bergan.

84. Yevropa Komissiyasining Horizon Europe dasturi aparteid va genotsidda aybdor bo‘lgan Isroil institutlari bilan hamkorlikni faol ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. 2014-yildan beri Yevropa Komissiyasi Isroil subyektlariga, shu jumladan Mudofaa vazirligiga, 2.12 milliard yevrodan ortiq (2.4 milliard dollar) mablag‘ ajratgan. Shu bilan birga, Yevropa akademik institutlari bu hamkorlikdan nafaqat foyda ko‘radi, balki uni mustahkamlab boradi. Myunxen Texnika Universiteti Yevropa Komissiyasining Horizon dasturidan 198.5 million yevro (218 million dollar) mablag‘ olgan, bu jumladan 11.47 million yevro (12.6 million dollar) Isroildagi harbiy va texnologik firmalar bilan 22 ta hamkorlik loyihasiga to‘g‘ri keladi. Universitet va Israel Aerospace Industries kompaniyasi boshqa ishtirokchilar bilan birgalikda G‘azoda qo‘llaniladigan harbiy dronlarga tegishli yashil vodorod yoqilg‘isi texnologiyasini ishlab chiqish uchun 792,795.75 yevro (868,416 dollar) mablag‘ olgan. Universitet IBM Israel kompaniyasi bilan hamkorlikda sun’iy intellekt va bulut texnologiyalari ustida ishlamoqda. Bu kompaniya Isroilning tahqirlovchi Aholi reestrini boshqaradi. Shuningdek, IBM Israel Horizon doirasida 7.75 million yevro (8.52 million dollar) olgan. Bundan tashqari, Universitet “shaharlarda uzluksiz umumiy harakatlanish”ga oid 10.76 million yevro (11.71 million dollar)lik loyihada ishtirok etmoqda, bu loyiha Isroilning anneksiya siyosatini transport orqali chuqurlashtirayotgan Quddus shahri hokimiyati bilan birga amalga oshirilmoqda. Isroil hamkorlari ushbu loyihalarga qo‘shayotgan tajribani ular aloqador bo‘lgan inson huquqlari buzilishlarida orttirgan bilimlardan ajratib bo‘lmaydi.

85. Ko‘plab universitetlar 2023-yil oktabrdan keyingi keskinlikka qaramay, Isroil bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Britaniyadagi ko‘plab misollardan biri Edinburg Universiteti o‘zining xayriya jamg‘armasining 2,5 foiziga teng bo‘lgan qariyb 25,5 million funt sterlingni (31,72 million AQSh dollari) Isroilning kuzatuv tizimi va G‘azodagi vayronagarchiliklarda muhim rol o‘ynayotgan to‘rt yirik texnologik gigant — Alphabet, Amazon, Microsoft va IBM aksiyalariga sarmoya qilgan. Universitet to‘g‘ridan-to‘g‘ri va indeks asosidagi investitsiyalar orqali Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi Isroil bilan moliyaviy jihatdan eng chuqur bog‘langan ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, universitet Isroil harbiy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlayotgan kompaniyalar, jumladan Leonardo S.p.A. va Ben-Gurion Universiteti bilan hamkorlik qilmoqda. Ular Ben-Gurion Universitetidagi Sun’iy intellekt va Ma’lumotlar ilmi laboratoriyasi orqali hamkorlikda tadqiqotlar olib bormoqda, bu esa falastinliklarga qarshi hujumlar bilan bevosita bog‘liq.

86. Ushbu hisobotda keltirilgan tahlil Maxsus ma’ruzachiga yetib kelgan ma’lumotlarning faqat yuzasini ochib beradi, xolos. U universitetlarni javobgarlikka tortish yo‘lida talaba va xodimlarning muhim faoliyatini tan oladi. Bu tahlil universitetlardagi norozilik namoyishlariga qarshi global bosimlarga yangi nuqtai nazardan qarash imkonini beradi: Isroilni himoya qilish va universitetlarning moliyaviy manfaatlarini asrash, taxmin qilinayotgan antisemitizmga qarshi kurashishdan ko‘ra, ehtimoliyroq sabab sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xulosa

87. G‘azo hududida hayot barham topayotgan, G‘arbiy Sohil esa tobora kuchayib borib hujumlar ostida bo‘lgan bir paytda, ushbu hisobot Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan genotsidning nega davom etayotganini ko‘rsatadi: chunki bu ko‘pchilik uchun daromad keltirmoqda. Ishg‘olning genotsidga aylangan siyosiy iqtisodiyotini yoritib, hisobot doimiy ishg‘olning qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va yirik texnologiya firmalari uchun qanday qilib ideal sinov maydoniga aylanganini ochib beradi — cheksiz talab va ta’minot, zaif nazorat va javobgarlikning mutlaqo yo‘qligi sharoitida investorlar, davlat va xususiy muassasalar erkin foyda olishmoqda. Juda ko‘p nufuzli korporativ tashkilotlar Isroilning aparteid va harbiy tizimiga moliyaviy jihatdan mahkam bog‘langan holda qolmoqda. 

88. 2023-yilning oktabridan keyin, Isroil mudofaa byudjeti ikki baravar oshirilgan bir vaqtda, talabning pasayishi, ishlab chiqarishning kamayishi va iste’molchilar ishonchining zaiflashishi davrida xalqaro korporatsiyalar tarmog‘i Isroil iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatladi. BlackRock va Vanguard kabi yirik investorlar Isroilning genotsid arsenalida muhim o‘rin tutuvchi qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga katta sarmoyalar kiritdi. Dunyoning yirik banklari Isroil davlat obligatsiyalarini kafolatlab, vayronagarchilikni moliyalashtirdi, eng yirik suveren boylik va pensiya fondlari esa davlat va xususiy jamg‘armalarni genotsid iqtisodiyotiga yo‘naltirdi — bularning barchasi o‘zlarini axloqiy tamoyillarga rioya qilayotgandek da’vo qilgan holda amalga oshirildi.

89. Qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar deyarli misli ko‘rilmagan daromadlar topib, Isroilni eng zamonaviy qurollar bilan ta’minladi, bu esa deyarli himoyasiz qolgan fuqorolik aholini vayron qildi. Dunyoning yirik qurilish texnikasi ishlab chiqaruvchilari G‘azoni butunlay yer bilan yakson qilishda va falastinliklarning hayotini tiklash va qayta qurishga yo‘l qo‘ymaslikda muhim rol o‘ynadi. Energetika va tog‘-kon sanoati gigantlari fuqarolik energiyasi manbalarini ta’minlagan bo‘lsa-da, Isroilning harbiy va energetika infratuzilmasini quvvatlab, falastin xalqini yo‘q qilishga qaratilgan hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qildi.

90. Genotsid shiddat bilan davom etar ekan, G‘arbiy Sohilda, jumladan Sharqiy Quddusda zo‘ravonlik bilan anneksiya jarayoni ham to‘xtamayapti. Agrobiznes noqonuniy ko‘chmanchilar korxonasining kengayishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Eng yirik onlayn turizm platformalari Isroil koloniyalarining noqonuniyligini odatiy hol sifatida ko‘rsatishda davom etmoqda. Global supermarketlar Isroil ko‘chmanchilar hududlaridagi mahsulotlarni doimiy ravishda zaxiralamoqda. Dunyo bo‘ylab universitetlar “tadqiqot betarafligi” niqobi ostida genotsid rejimida ishlayotgan iqtisodiyotdan foyda ko‘rishda davom etmoqda. Darhaqiqat, ular mustamlakachi ko‘chmanchilar bilan hamkorlik va moliyalashtirishga tizimli ravishda bog‘liq. 

91. Biznes odatdagidek davom etmoqda, ammo korxonalarning ajralmas qismi bo‘lgan bu tizimning hech bir jihati betaraf emas. Irqiy kapitalizmning doimiy g‘oyaviy, siyosiy va iqtisodiy harakatlantiruvchi kuchi Isroilning ishg‘ol iqtisodiyotini genotsid iqtisodiyotiga aylantirgani edi. Bu “sheriklikdagi jinoyat korxonasi” bo‘lib, unda bir tashkilotning harakati butun iqtisodiyotga hissa qo‘shadi, bu esa genotsidni boshqaradi, ta’minlaydi va uni amalga oshirishga imkon beradi[318]. 

92. Ushbu hisobotda tilga olingan tashkilotlar bosib olingan Falastin hududlaridagi qonunbuzarliklar va jinoyatlardan foyda ko‘ruvchi korporativ ishtirokning ancha chuqur tuzilmasining faqat bir qismidir. Agar ular kerakli ehtiyot choralarini ko‘rganlarida edi, yuridik shaxslar Isroil bilan aloqalarini allaqachon uzgan bo‘lar edi. Bugungi kunda javobgarlik talabi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda: har qanday sarmoya jiddiy xalqaro jinoyatlar tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. 

93. Biznes va inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlar, Xalqaro Sudning (ICJ) bosib olingan Falastin hududidagi Isroilning noqonuniy ko‘chmanchi-mustamlakachilik korxonasini to‘liq va shartsiz tarqatib yuborish haqidagi qaroriga qaramay, hozirda genotsid mashinasi sifatida ishlayotgan ushbu tizimdan ajralib chiqa olmaydi. Isroil bilan korporativ aloqalar ishg‘ol va aparteid tugamaguncha, tovonlar to‘lanmaguncha to‘xtatilishi zarur. Korporativ sektor, shu jumladan uning rahbarlari, genotsidni to‘xtatish va uning asosidagi global irqiy kapitalizm tizimini parchalash uchun zarur qadam sifatida javobgarlikka tortilishi lozim.

 

VI. Tavsiyalar 

94. Maxsus Murojaatchi BMTga a’zo davlatlarga quyidagi chaqiriqlarni yo‘llaydi: 

(a) Isroilga qarshi to‘liq qurol savdosi embargosini va sanksiyalarni joriy qilish, bunda barcha mavjud kelishuvlar va texnologiyalar hamda fuqarolik og‘ir texnikasi kabi ikki tomonlama foydalaniladigan mahsulotlar ham hisobga olinsin; 

(b) Falastin xalqiga xavf solishi mumkin bo‘lgan faoliyatlarda ishtirok etuvchi tashkilotlar va shaxslarga qarshi savdo kelishuvlari va investitsiyalarni to‘xtatish yoki cheklash, shu jumladan aktivlarni muzlatish kabi sanksiyalar qo‘llansin; 

© Javobgarlikni ta’minlash, korporativ tashkilotlarning jiddiy xalqaro huquq buzilishlaridagi ishtiroki uchun sudga tortilishi kafolatlansin. 

95. Maxsus Murojaatchi yuridik shaxslarga quyidagi chaqiriqlarni yo‘llaydi: 

(a) Falastin xalqiga qarshi inson huquqlari buzilishlari va xalqaro jinoyatlarga bevosita aloqador, hissa qo‘shuvchi yoki sababchi bo‘lgan barcha tijorat faoliyati va aloqalarni xalqaro korporativ javobgarlik va o‘z-o‘zini boshqarish qonunlariga muvofiq darhol to‘xtatish va uzish; 

(b) Falastin xalqiga tovon to‘lash, jumladan, Janubiy Afrikadagi aparteiddan keyingi boylik solig‘iga o‘xshash aparteid boylik solig‘i shaklida kompensatsiya taqdim etish.

96. Maxsus Murojaatchi Xalqaro Jinoyat Sudini va milliy sud organlarini korporativ rahbarlar va/yoki yuridik shaxslarni xalqaro jinoyatlarda ishtirok etishlari va ushbu jinoyatlardan olingan daromadlarni yuvish bo‘yicha tergov qilish va sudga tortishga chaqiradi. 

97. Maxsus Murojaatchi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga quyidagi chaqiriqlarni yo‘llaydi: 

(a) 2024-yilgi Xalqaro Sudning maslahatchi xulosasiga rioya qilish; 

(b) Isroilning noqonuniy ishg‘olida ishtirok etayotgan barcha sub’ektlarni BMT Inson Huquqlari bo‘yicha Yuqori Komissarligi (OHCHR) ma’lumotlar bazasiga kiritish va ushbu bazani OHCHR veb-saytida tegishli ravishda ochiq taqdim etish.

98. Maxsus Murojaatchi kasaba uyushmalari, huquqshunoslar, fuqarolik jamiyati va oddiy fuqarolarni Falastin uchun boykot, investitsiyalardan voz kechish, sanksiyalar, adolat talab qilish va xalqaro hamda milliy darajada javobgarlikni ta’minlash uchun bosim o‘tkazishga chaqiradi; dunyo xalqlari birgalikda bu so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan jinoyatlarga barham bera oladi. 

99. Ushbu hisobot chuqur va notinch o‘zgarishlar ostonasida tayyorlandi. Dunyo bo‘ylab guvoh bo‘layotgan vaxshiyliklar zudlik bilan javobgarlik va adolatni talab qiladi, bu esa ishg‘ol qilish iqtisodiyotidan genotsid iqtisodiyotiga aylangan tizimdan foyda ko‘rganlar va uni qo‘llab-quvvatlaganlarga qarshi diplomatik, iqtisodiy va huquqiy choralar ko‘rishni taqozo etadi. Keyingi qadam har birimizga bog‘liq.

 

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About