Donate

O‘zbekistonda millayatchilik: ittifoq respublikasining suverenitetga eltgan yo‘li

Tarjima va Tanqid07/12/25 12:52112

Quyidagi tarjima tadqiqotchi Jeyms Kritchlouning 1991 yilda ingliz tilida yozilgan kitobi Nationalism in Uzbekistan: A Soviet Republic’s Road to Sovereignty asaridan olingan bob bo‘lib, unda O’zbekistondagi o’tish davri tasvirlanadi.

O‘zbekiston mustaqilligi “tayyor sovg‘a” yoki buning aksi — "ulkan kurash" mahsuli emas, balki tortishuvlar, qo‘rquvlar, hisob-kitoblar va keskin bahslar orasida shakllangan bir tarixiy jarayon o’laroq namoyon bo‘ladi. Matn 1990–1991 yillarda ittifoq shartnomasi atrofidagi bahslar orqali Karimov rahbariyati, o‘zbek elitasining ichki qarama-qarshiliklari, markaz bilan tortishuvlar va shu fon ortida yotgan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bir manzaraga jamlaydi. Faqat rasmiy bayonotlar emas, balki yozuvchi, shoir, olimlarning o‘tkir chiqishlari, matbuotdagi keskin maqolalar, suverenitet haqida juda aniq va talabchan savollar bor kun tartibiga chiqadi.

Bugun “o‘tish davri” ko‘pincha silliqlashtirilgan, oq-qora tasvirga aylantirilgan, mafkuralashtirilgan shaklda eslanadi. Milliy muxolifat Karimovni mustaqillikni kechiktirgan kommunist sifatida tasvirlab, o‘zini yagona haqiqiy mustaqillik kurashchisi deb ko‘rsatadi. Post-sovet milliy elita esa barcha yutuqlarni o‘z hisobiga yozadi va muxolifatni radikalizmda ayblaydi.

Kritchlouning matni esa o‘sha paytdagi real kayfiyatlarni, qo‘rquv va umidlarning aralashgan holatini, iqtisodiy va ekologik falokat fonida mustaqil davlat tuzishga urinayotgan jamiyatning ichki tarangligini ko‘rsatadi. Eng qizig‘i, o’sha davrda ko‘tarilgan savollarning ko‘pi hanuz dolzarb. Shu bois bu bobni faqat tarixiy ma’lumot sifatida emas, bugungi bahslarimiz va ularning sifatiga ham tegishli bo‘lgan oyna sifatida o‘qish taklif qilinadi.

Tarjimon: A.Zuhra

Tahrirchi: Javohir Nematov

Asl Manba: Critchlow, James. Nationalism in Uzbekistan: A Soviet Republic’s Road to Sovereignty. New York: Routledge, 1991. Chapter 11: Uzbekistan in Transition.

Содержание
  • O‘ZBEKISTON O‘TISH DAVRIDA
  • 1990-yil noyabr shartnomasi loyihasi: Burilish nuqtasi
  • Muammolar va Imkoniyatlar


O‘ZBEKISTON O‘TISH DAVRIDA

1990-yil noyabr shartnomasi loyihasi: Burilish nuqtasi

1990-yil noyabrida “ittifoq shartnomasi”ning loyihasi e’lon qilindi. Uning maqsadi markaz va respublikalar oʻrtasidagi kelgusidagi munosabatlarni belgilash edi. Bu loyiha Moskvada e’lon qilinib, Gorbachyov uning bosh tashabbuskori boʻldi. Ushbu voqea Oʻzbekiston rahbariyatini “qaytib boʻlmas chiziq”ni kesib oʻtishga majbur qildi. Prezident Karimov Oʻzbekistonning suverenitetini e’lon qilinganini ta’kidlab, taklif etilgan shartnoma loyihasiga qarshi chiqishdan boshqa yoʻli yoʻqligini ma’lum qildi. Sabab sifatida esa loyiha respublikaning yangi suveren maqomiga zid ekanligi koʻrsatildi. Shu tariqa Karimov Oʻzbekistonni Moskva ta’siridan yanada uzoqlashtirdi.

Ammo Karimov prinsipial jihatdan ittifoq shartnomasiga qarshi emas edi. Gorbachyovning respublikalar suvereniteti saqlanib qolishi haqidagi va’dalariga koʻra, Oʻzbekiston ham 1991-yil 23-aprelda Moskva yaqinidagi dachada boʻlib oʻtgan uchrashuvda ishtirok etgan toʻqqiz respublikadan biri sifatida bunday hujjatni qabul qilishga rozilik bildirdi. Ammo Karimovning bu rozi boʻlishi SSSRga boʻlgan hissiy sadoqatdan emas, balki Oʻzbekistonning ogʻir iqtisodiy ahvolini yengillashtirish uchun Moskvadan yordam kutgani tufayli edi. U, xususan, Oʻzbekistonni xomashyo bazasiga aylantirib qoʻygan yillar davomida olib borilgan markaziy iqtisodiy siyosatni va respublikada ishlab chiqargan mahsulotlarning adolatsiz ravishda arzon narxlarda baholanganini ochiqchasiga tanqid qildi.

1990-yil oktyabrida ham u Oʻzbekiston Oliy Sovetiga shunday degandi: “ Kuni kelib biz siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka erishamiz, lekin hozirgi davrda eng muhimi xalqni to‘ydirishdir”. U, shuningdek, Oʻzbekiston muammolari faqat federatsiya doirasidagina hal etilishi mumkinligini ta’kidlagan.

1990-yil noyabridagi shartnoma loyihasi respublikalar qarshiligi tufayli oʻz kuchini yoʻqotgan bo‘lsa-da, respublika siyosiy qiyofasini ko‘rsatib bergani uchun Oʻzbekistonning bunga munosabatini o‘rganish foydadan holi emas. Mazkur loyiha Karimovni Moskvaga qarshi chiqishga majbur qildi. Gorbachyovning bu tashabbusi Oʻzbekistonda katta norozilik uygʻotayotganini Karimov yaxshi bilardi. Moskvaning esa O‘zbekistonga moliyaviy yordam berishi mumkinligiga ham jiddiy qaralmayotgandi. Bir tanqidchi shunday degan:

“Rivojlanishda tenglashish uchun o‘zimizni Ittifoq ixtiyoriga topshirib qo‘ygandekmiz… Ammo bugungi Ittifoqning o‘zi nima? U o‘z mustaqilligini e’lon qilgan bir necha respublikalar, shu bilan birgalikda bizdan ham tashkil topgan uyushma. Ular bizga tekin yordam berarmidi? … Bu juda shubhali.”

Karimov hanuz Moskvadan iqtisodiy yordam olish umidida bo‘lsa-da, bu umid uni Gorbachyov loyihasini ochiqcha tanqid qilishdan qaytara olmadi. Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi qurultoyida qilgan ma’ruzasida Karimov shartnoma loyihasiga jiddiy e’tirozlarini bildirar ekan, uni tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligini ta’kidladi. Loyihada federatsiyada yashaydigan har bir fuqaro uchun teng huquqlar va paritet talablari inobatga olinmaganini qattiq tanqid qilib, barcha respublikalarning suverenitetini qo‘llab quvvatlanishi kerakligini talab qildi. U sovet matbuotidagi “Oʻzbekiston har qanday shartlarga qaramasdan ittifoq shartnomasini imzolashga tayyor” degan xabarlarni qat’iyan inkor qildi. Karimovning ta’kidlashicha, shartnoma avvalo respublikalar tomonidan ishlab chiqilishi kerak edi, Moskva tomonidan emas.

Oʻzbekiston rahbariyatining Gorbachyov loyihasiga qarshiligi kelgusida Moskva bilan hamkorlikni inkor etmasdi. Ammo muhokamalar shuni koʻrsatdiki, respublikada markazga nisbatan kuchli norozilik kayfiyati hukm surar, va kelgusi har qanday aloqalarga cheklovkar qo‘yilgandi. Yana shu narsa aniq bo‘ldiki, Moskva tarafidan kuch ishlatishga oid harakatlar bo‘lmasa, O‘zbekistonda markaz tomonidan buyruqlar berib turiladigan eski tartibga qaytish imkoni yòq edi. Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi qurultoyi ochilgan kuni O‘zbekiston Markaziy Qo‘mitasi va Oliy Sovetining rus tilida nashr etiladigan va yillar davomida Moskvaga sodiq bo‘lgan “Pravda Vostoka” gazetasi shartnoma loyihasini qoralab chiqqani respublikada mustaqillik ruhining qay darajada ekanligini ko‘rsatadi. Maqolada ushbu loyiha “yangi ittifoq uchun ishonchli asos boʻla olmaydi” deb baholandi. Bundan tashqari, Gorbachyov ilgari tez-tez takrorlaygan “Kuchli Markaz, kuchli Respublika” shiori endilikda “siyosiy eskilik qoldig‘i” sifatida tanqid qilindi.

Karimov va boshqalarning shartnoma loyihasiga doir munozaralari shuni yaqqol koʻrsatdiki, o‘zbeklar “ittifoq” tushunchasini “yangilangan ittifoq” g‘oyasi tashabbuskorlaridan bo’lmish Gorbachyov va markazdagilardan tamoman boshqacha tushungan edi. Gorbachyov “yangi” deb nom berganiga qaramasdan, aslida Sovet Ittifoqini nazarda tutgan. Oʻzbeklar esa kelajakdagi “ittifoq”ni toʻliq suveren respublikalardan tashkil topgan konfederatsiya sifatida tasavvur qildilar. Bunda markazning vakolatlari juda cheklangan boʻlishi, tashqi siyosat singari masalalar esa faqat respublikalar roziligi bilan amalga oshirilishi kerak edi. Bundan tashqari, har bir respublika istalgan vaqtda ittifoqdan chiqish huquqiga ega boʻlishi, shuningdek, markaziy organlar qabul qilgan har qanday qarorni veto qilish vakolatiga ega boʻlishi kerakligi ta’kidlandi.

1990-yil noyabrida shartnoma loyihasi e’lon qilingach, Oʻzbekiston boʻylab keng noroziliklar to‘lqini namoyon boʻldi. Hatto respublikaning eng konservativ gazetalari ham loyihani tanqid qildi. Bu noroziliklarga yuqori rahbariyat tomonidan ruxsat etilgani, shubhasiz, Karimovning oʻzi tomonidan qoʻllab-quvvatlanganini koʻrsatadi. Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumi Vazirlar Kengashi, turli Oliy Sovet qo‘mitalari, hududiy va shahar kengashlari, mehnat jamoalari, olimlar va alohida fuqarolar tomonidan tayyorlangan bir qancha “fikrlar, takliflar va tuzatishlar”ni koʻrib chiqishga majbur bo‘ldi. Matbuotda kuchli qarama-qarshi fikrlar paydo bo‘lgach, o‘zbeklarning e’tirozlari mohiyatan ravshanlashdi. Takroriy e’tirozlardan biri shu ediki, loyihada Sovet Ittifoqini “unitar davlat” sifatida saqlab qolish harakati mavjud bo‘lib, bu esa maqbul bo‘lmaydigan holat sifatida qaraldi.

Deyarli barcha sharhlovchilar Karimovning matn O‘zbekistonning yangi suveren maqomiga zid ekanligi to‘g‘risidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi. Taniqli tanqidchilar qatorida muxolif “Erk” siyosiy partiyasi asoschilaridan biri shoir va xalq deputati Muhammad Solih, partiya mafkuraviy ta’limotining ustuni hisoblangan Rimajon M. Xudayberganova ham bor edi. Balki, “Birlik” norasmiy guruhi rahbariyatidagi radikallar yanada keskinroq qarshilik ko‘rsatgan, biroq ularning fikrlari rasmiy matbuotda aks etishi ehtimoli past edi.

O‘zbekiston pozitsiyasining yanada qat’iylashuvi 14-dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining maxsus yig‘ilishidagi loyihaga nisbatan kuchli tanqidlarda namoyon bo‘ldi. So‘zga chiqqanlardan biri — olim Z. Ziyomovning ta’kidlashicha, qonunan loyiha xalqaro shartnoma sifatida tuzilishi kerak edi, chunki SSSR Konstitutsiyasi ittifoq respublikalarini o‘z hududida mustaqil davlat sifatida e’tirof etgandi. Afsuski, loyiha mantiqiy ziddiyatlarga to‘la bo‘lib, sobiq totalitar tuzumni saqlab qolish uchun ishlab chiqilgan edi. Mashhur yozuvchi Jamol Kamol barcha huquqlar yana markaz qo‘liga berilganidan shikoyat qilib, “agar davlat o‘zining bojxona xizmati, chegaralari va mudofaa kuchidan mahrum qilinsa, uni qanday qilib mustaqil deb atash mumkin?” savolini o‘rtaga tashladi. U yaqinda safar qilib qaytgan Turkiya bilan O‘zbekistonni solishtirdi: 60 million aholiga ega Turkiya O‘zbekistondan besh baravar kam paxta, to‘rt baravar kam ipak yetishtirsa-da, aholisi O‘zbekiston aholisidan uch baravar ko‘p bo‘lsa ham, o‘n baravar yaxshi yashardi. Sababi, o‘z boyligini o‘zi tasarruf qiladi. Respublikalarning mustaqil vakolatlarini kengaytirish haqidagi va’dalar qayerga ketdi? Loyihada bunday moddalardan darak ham yo‘q edi. “Ular bizga berayotgan yagona narsa — ketmon bilan yer chopib qul kabi ishlash!”, — dedi Jamol Kamol. — O‘z xalqi oldida or-nomusga ega bo‘lgan hech kimsa bunday hujjatni imzolamaydi”.

Shoir va muharrir Omon Matjon kelajak avlod taqdirini cheklab qo’yishini aytib, bosim ostida bu loyihaga imzo qo’yishdan ogohlantirgan. U tashqi savdo va aloqalarning Moskva qo‘lida qolganini qoralab, respublikalarga xorijiy mamlakatlarda elchixonalar ochish huquqi berilishi lozimligi, aks holda ular BMTga qo‘shila olmasligini bayon qildi. Professor Ochil Tog‘ayev yig‘ilishda akademik Andrey Saxarovdan iqtibos keltirdi: — “Ittifoqning ixtiyoriyligi uchun avval respublikalar undan chiqib ketishi, so‘ngra istaganlar qayta qo‘shilishi kerak — aynan shu jarayonni haqiqatan ham “ixtiyoriy” deb atash mumkin”. U shuningdek, shartnomaning asl maqsadi Ittifoqni kuchaytirish va nufuzini oshirish bo‘lgani, biroq loyiha boshidanoq “bosim ostida, majburiy ravishda yozilganini” aytib o’tdi.

Jurnalist Barnabek Eshpolatov yig‘ilishda 1917- yilda yosh Sovet davlati tashqi qarzlarini bekor qilganini, biroq mustamlaka hududlaridan voz kechmaganini eslatdi. Shartnoma loyihasida ham xuddi shunday “xom xayollar” o‘zini namoyon qilayotgandi. Ko‘zi ochiq hech kimsa esa bunday hujjatni imzolay olmasdi.

Uzoq yillar o‘zbek adabiy doiralarining tayanchi bo‘lmish yozuvchi va muharrir Mirmuhsin  loyiha O‘zbekistonni ifloslantirishda davom etayotgan zavodlar boshqaruvi markaz qo‘lida qolishini ta’minlayotgani aytib e’tiroz bildirdi. Oxir-oqibat yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan qaror qabul qilib, O‘zbekiston hukumatini Ittifoq shartnomasini imzolamaslikka chaqirdi. Boshqa respublikalar bilan esa markazdan holi teng huquqli shartnomalar tuzishga undadi. O‘zbek komsomol gazetasi bo’lmish “Yosh Leninchi” (so‘nggi paytlarda nomini o‘zbekchalashtirish rejasini e’lon qilgan edi) loyihaga qarshi “Tuzoq” sarlavhali maqolasini chop etdi. Mualliflar loyihaning markaz vakolatlari haqidagi qismi yana rus “katta og’asi”ning qaytganiga ishora qilayotganini da’vo qilishdi. Ular, shuningdek, yangi tizim boshqaruvida rus bo‘lmagan shaxs eng kamida keyingi 200 yillikda ittifoq prezidentligiga saylana olmasligi va loyiha tashabbuskorlari bundan yaxshigina xabardorligini aytib o‘tdilar. Ularning fikricha, bunday loyihaga imzo qo‘ygan har qanday respublika rahbari o‘z xalqining birlamchi manfaatlari va taqdiriga xiyonat qilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston Oliy Soveti Qo‘mitasi va Oliy Kengashining o‘zbek tilidagi rasmiy gazetasi “Sovet O‘zbekistoni”da loyihaga qarshi eng keskin hujumlardan biri bosilib chiqdi. Ushbu maqola muallifi yozuvchi Abduqahhor Ibrohimov respublika rahbariyatini qo‘llab-quvvatladi. Milliyatchilik g’oyalari bilan tanilgan Ibrohimov loyihaning “Asosiy tamoyillar” bo‘limida keltirilgan “shartnoma ishtirokchisi bo‘lgan har bir respublika suveren davlatdir va o‘z hududi doirasida mutlaq davlat hokimiyati vakolatlariga egadir” bayonotini istehzo bilan qarshi oldi. Agar shunday bo‘lganida, — dedi u Gorbachyovga nisbatan yashirin kinoya bilan, — Ittifoqqa yagona shaxs emas, balki tarkibiy respublikalar prezidentlaridan iborat, har yili navbatma-navbat almashinib turadigan rahbarlar kengashi boshchilik qilgan bo‘lar edi. Uningcha, yagona shaxs boshqaruvi ostida bunday Ittifoq federatsiya emas, balki unitar davlat bo‘ladi. Ustiga ustak yangilangan Ittifoqda rus tili davlat tili sifatida belgilanishi haqidagi modda-chi? Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan ham, insonparvarlik tamoyillari jihatidan ham federatsiyada yagona imtiyozli til bo‘lmasligi kerak, chunki bu a’zolar o‘rtasidagi tenglikni buzadi va do‘stona munosabatlarga putur yetkazadi. O‘zaro do‘stona munosabatlarsiz esa federatsiya barqaror bo‘lolmaydi va yemirilishni boshlaydi. Va agar rus tili davlat tili sifatida joriy qilinsa, Ittifoq yana avvalgidek “Rossiya”ga aylanadi.

Ibrohimov Lenin ham yagona davlat tilini joriy etishdan qaytarganini fikriga isbot sifatida keltirdi. U Ittifoq uchta davlat tiliga ega bo‘lgan Shveytsariya Konfederatsiyasidan o’rnak olishi kerakligini aytgan. U uchun eng qizig‘i shu ediki, loyiha matnida Ittifoq vakolatlari aniq bayon etilgan, biroq respublikalarga kelganda vakolat haqida “hatto bir og‘iz so‘z ham topib bo‘lmas” edi. Agar loyiha matnidagi sakkiz qismdan iborat bo‘lim kuchga kirsa, bu respublikalarning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa har taraflama markazga to‘liq bo‘ysunishni anglatibgina qolmay, ularni oddiy ma’muriy viloyatlar darajasiga tushiradi. Va u ushbu bo‘lim saqlanib qolgudek bo‘lsa, o‘z suverenitetini hurmat qiladigan hech bir respublika bu shartnomaga imzo qo‘ymasligini aytdi. Haqiqat esa biroz boshqacha, ya’ni respublikalarda markazning ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etishdan boshqa chorasi yo‘q edi.

Loyiha matnidagi markaz “yagona valyutaga asoslangan umumiy moliya, kredit va byudjet siyosatini yuritishi” to‘g‘risidagi modda ham O‘zbekiston va Gorbachyov taraflari “suveren respublika” deb aslida nimani anglayotganlarini aniqroq ko‘rsatdi. Ibrahimov qattiq norozi bo‘lib, “bugungi kunda butun dunyoda o‘z valyutasiga ega bo‘lmagan biror suveren davlat bormi?” deb so‘radi. Inqilobdan avvalgi Buxoro va Xiva xonliklari “qoloq, yarim mustamlaka Rossiya vassallari” bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq ular ham hatto o‘z g‘aznasi, zarbxonasi va albatta, o‘z pul birligiga ega bo‘lganini keltirdi. Shuningdek, u Ittifoq “umumiy iqtisodiy strategiya”sini ishlab chiqishi to‘g‘risidagi bandni ham keskin tanqid qildi, chunki ayni shu yondashuv mamlakatning bugungi og‘ir iqtisodiy ahvoliga sabab bo‘lgandi.

Ibrahimov loyihaning Ittifoq respublikalar o‘rtasidagi hamkorlikni “muvofiqlashtirishga mas‘ulligi to‘g‘risidagi moddani ham ham qat’iyan rad qildi. Respublikalar buni markazning aralashuvisiz o‘zlari hal qilishi maqsadga muvofiq edi. U markaz kattalarning “bizsiz hech narsani amalga oshirisholmaydi” degan qarashlarini qoraladi, negaki bunda mantiqiy xatolik bor edi: loyihaning jiddiy nuqsonlaridan biri shu ediki, unda Ittifoq alohida birlik sifatida ko‘rsatilgan edi. Aslida esa Ittifoq o‘zini tashkil qilgan qismlari yig‘indisidan o‘zga narsa emas edi. Agar aksincha bo‘lsa, Ittifoq respublikalari ustidan hukmron bo‘lib, ular o‘rtasida iyerarxik munosabatlarni paydo qiladi va o‘zlarini Ittifoqqa bo‘ysunuvchi subyektlarga aylantiradi. Bu esa umuman qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblar edi Ibrahimov.

Sovet hokimiyati barpo etilgandan buyon kamsitilishiga duch kelgan o‘zbeklarning Ittifoq hukumatida va ma’muriy organlar vakilligidagi o‘rni kabi muhim masalaga kelganda esa Ibrohimov tuzilgan shartnoma loyihasi ham bu borada 1936-yilgi Stalin Konstitutsiyasi va 1977-yilgi Brejnev Konstitutsiyasidan ortiqroq hech qanday vakolat bermaganini bayon qildi. Uningcha, ayni o‘sha konstitutsiyalar SSSRni unitar davlatga aylantirgan edi.

Ibrohimovning qat’iy e’tiroziga sabab bo‘lgan yana bir modda mazmuni esa quyidagicha edi. Loyiha prezidentlar (respublika rahbarlari) tarafidan boshqarilishi kerak bo‘lgan Federatsiya Kengashi SSSR prezidenti rahbarligi ostida birlashishini ko‘zda tutgandi. Shu qatorda respublikalar prezidentlari o‘z lavozimlariga ko‘ra SSSR Vazirlar Mahkamasi a’zosi bo‘lib qolishi, ammo bu mahkama o‘z navbatida SSSR Prezidentiga bo‘ysunishi lozim edi. Respublika prezidenti maqomining bunday kamsitilishi, uningcha, “unitar davlat” tuzumiga qaytishning navbatdagi isboti bo‘lib, bu respublikalar prezidentlari suveren davlatlarning suveren rahbarlari ekanini inkor etishga olib kelardi.

SSSR sud tizimiga oid shartnoma loyihasining moddalari ham Ibrohimov tomonidan respublikalarning suveren huquqlarini buzish sifatida baholandi. U o‘zining yakuniy chiqishida Gorbachyovga keskin tanqid yo‘llab, “suveren davlatlardan tashkil topgan ittifoqda federal prezident kabi narsa mavjud bo‘lishi mumkin emas” degan fikrini yana bir bor qat’iy himoya qildi.

Keyingi maqolasida esa Gorbachyovning yaqinda so‘zlagan nutqida respublikalarning mustaqil ajralib chiqish huquqiga qarshi bildirgan pozitsiyasini tanqid ostiga oldi. Unga ko‘ra, bu qarash SSSR Konstitutsiyasining 73-moddasiga zid bo‘lib, unda har bir ittifoqdosh respublikaga “SSSR tarkibidan chiqish huquqi” berilgani qayd etilgan edi. Garbachovga qarata esa “biz ajrala olmaymiz” deya nutq qilguncha, shunday “erkin va do‘stona Ittifoq”ni shakllantirish kerakki, unda yashash xalq uchun sharaf bo‘lsin qabilida nasihat qildi.

1991-yil avgust oyida Gorbachyovga qarshi to‘ntarish bu kabi fikrlarni vaqtinchalik o‘zini ko‘rsatmay qo’yishga majbur qilgan bo‘lsa-da, ammo oxir-oqibat “qattiqqo‘l” siyosatning qaytishi bu g‘oyalarni butunlay yo‘qota olmadi.

Muammolar va Imkoniyatlar

Gorbachyovning dastlabki ittifoq takliflariga nisbatan bildirilgan bu noroziliklar o‘zbek elitasining mustaqil davlatchilik yo’lidagi dadil qadamlari edi. Chor armiyasi bosib olgandan buyon bir asrdan ziyod vaqtda ilk bor O’rta Osiyo markazi kelgindi kuchlardan xalos bo’lishga ahd qilgandi. 1991-yil avgust oyidagi SSSRda yuz bergan davlat to’ntarishidan oldin ham milliy mustaqillik yo‘li O‘zbekistonning milliy davlat sifatida barqarorligini savol ostiga olgandi. Agar respublika shu yo’sinda davom etsa, kelajakda ulkan muammolar qarshisida yolg’iz qolishi tayin edi.

Birinchi navbatda iqtisodiy inqiroz turardi: 1990-yilda rasman qayd etilgan 9 million fuqaro, ya’ni 75 rubl miqdoridagi rasmiy kambag’allik chegarasidan kam oylik daromadga ega bo’lgan aholining yarmi, shuningdek oyiga 50 rubldan kam miqdorda davlat yordamini olayotgan nogironlar, qariyalar va bolalardan tashkil topgan yana 5 million aholi uchun shoshilinch chora ko’rilishi kerar edi. Ishsizlik darajasi favqulodda yuqori bo‘lib, kamida ikki million kishini tashkil etardi. Bu muammo aholi sonining jadal o‘sishi bilan yanada og‘irlashdi: endigina oyoqqa turayotgan mamlakat har oy besh ming nafar yangi tug’ilgan bolalar uchun oziq-ovqat, shunga yarasha uy-joy va iste’mol tovarlariga bo‘lgan talab bilan yuzlashishga majbur edi.

Iqtisodiy inqiroz bilan bevosita bog‘liq muammolardan biri ekologik inqiroz hisoblanardi. Bunda eng dolzarb vazifa — aholining yarmiga toza ichimlik suvi yetishmasligidan kelib chiqayotgan hayot va sog‘liqqa bo’lgan tahdidni bartaraf etishdan iborat edi. O‘zbekiston og‘ir iqtisodiy ahvoliga qaramay, yangi suv manbalarini ishlab chiqish va suvni ehtiyojmandlarga yetkazish uchun mablag‘ topishi zarur edi. Bundan tashqari, boshqa ekologik favqulodda holatlar ham mavjud bo‘lib, ularning ichida qurib borayotgan Orol dengizi muammosi tahlikali darajada keskin edi.

Respublikadagi taqchillik va sog’liq bilan bog’liq ijtimoiy bezovtalik aholining etnik xilma-xil bo‘lishi bilan yanada keskinlashgandi. Tovar va xizmatlar uchun raqobat ko‘pincha turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo’lgan.1989-yil Farg‘ona vodiysida mesxeti turklariga qarshi qonli tartibsizliklar va keyingi yilda ikki davlat chegarasida sodir bo’lgan o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasidagi halokatli to‘qnashuvlar ijtimoiy portlashlarga yaqqol misoldir.

1989-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning olti million aholisi o’zbek millatiga mansub emas edi. Ro’yxatda yuzdan ortiq boshqa millatlar qayd etilgan. Ozchilik millatlar qatoriga qariyb ikki million slavyan (ruslar, ukrainlar, beloruslar), har biri qariyb bir milliondan ortiq bo’lgan tojik va qozoqlar, yarim million qoraqalpoqlar (O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi o‘z avtonom respublikasida istiqomat qiluvchilar) va volga tatarlar, shuningdek, ko’plab qirg‘iz va turkmanlar kiradi. Aholining bir qismini esa Stalin davrida surgun qilingan mahalliy bo’lmagan millat vakillari, jumladan qrim tatarlari, chechenlar va ingushlar, kabardinlar va bolkarliklar, koreyslar, qalmoqlar hamda baxtsiz mesxeti turklar tashkil etardi. Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlarida yana to‘rt toifaga mansub  yahudiy guruhlari, asosan ashkenazlar va 85 mingga yaqin mahalliy buxorolik yahudiylar qayd etilgan.

Savol tug‘iladi: yangidan shakllanayotgan o‘zbek milliyatchiligi mafkurasiga asoslangan davlat bu “begona” millatlarni yangi davlatga integratsiya qilib, jalb qila oladimi?

Hatto o‘zbek xalqining o’rtasida ham bo‘linish muammosi mavjud edi. Ilk bobda ko‘rib o‘tilganidek, “O‘zbeklar kim?” degan savolning o‘zi millat tushunchasining sun’iyligiga ishora qiladi, chunki bu tushuncha atigi bir necha o‘n yillik ichida shakllantirildi. Xalq orasida hali ham urug‘-qabila aloqalari kuchli edi. O’zbeklar birligiga mahalliychilik tendensiyasi ham to’sqinlik qilardi: buxoroliklar, xivaliklar yoki farg‘onaliklar o‘z sadoqatlarini avvalo o’zlari istiqomat qiluvchi hududlarga nisbatan ko’rsatishar, keyinroq paydo bo’lgan yangi tuzilma — O‘zbekiston davlati esa chetda qolib ketardi. XIX asrda rossiyaliklar kelishidan avval, Markaziy Osiyo — ayniqsa bugungi O‘zbekiston hududi — shahar xonliklari va ko‘chmanchi yetakchilar o‘rtasidagi ichki mojarolar girdobida edi. Va keyinchalik ham mamlakatda o‘zbek milliy institutlari yetarlicha faoliyat yuritolmagani sababli, ayni shunday markazdan qochuvchi kuchlar yana faollashdi.

Potensial beqarorlikning yana bir manbai Markaziy Osiyodagi turli respublikalar o‘rtasidagi ziddiyatlar hamdir. Moskva markaziy nazorati zaiflashgach, bu respublikalar yetakchilari yangi mintaqaviy kelishuvlarni ishlab chiqish uchun bir necha bor uchrashishdi. 1990-yil iyun oyida Olma-Atada o‘tkazilgan sammit bu borada muhim bir bosqich bo‘ldi. 1991-yil iyun oyida muallifning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida, Prezident Karimovga yaqin amaldorlardan biri unga O’zbekiston bilan chegaradosh ulkan o’lka bo’lmish Qozog‘iston bilan hamkorlikda muammolar borligidan, chunki qozoqlar “faqat shimolga”, ya’ni Rossiya tomon yon berishayotganidan shikoyat qilgan. Bu kabi sa’y-harakatlar davom etgan bo’lsa-da, hali muvaffaqiyat haqida gapirishga erta edi. Amudaryo havzasi respublikalari o’rtasidagi ijobiy munosabatga xavf soluvchi boshqa masala suv manbalarining boshqaruvida kelib chiqardi. Gorbachev davrida markazlashgan hokimiyat zaiflashguncha bu vazifani, garchi mukammal bo’lmasa ham, Moskvadagi markaziy organlari bajargan. Biroq Moskva sahnani tark etgach, endi yangi mexanizm topish zarur edi.

Ba’zilar Turkiston nomi ostida yagona millat yoki respublika yaratish g‘oyasini ilgari surishdi, biroq bu taklif xalq orasida ijobiy qabul qilingan bo’lsa ham, eroniy tojiklar buni kamsitish deb hisoblashdi. Undan tashqari elitalar ham taklifni iliq kutib olmadi, chunki har biri o’z mavqeini o’z milliy institutlariga sodiqligi bilan o’lchar edi .

Ba’zi kuzatuvchilar Islom dini Markaziy Osiyo musulmonlari o‘rtasida mintaqaviy va mahalliy miqyosda uyg‘unlikni ta’minlovchi integrativ kuch bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi. To’g’ri, islomning keng qamrovli ta`siriga shubha yo’q. Biroq “Barcha musulmonlar birodardirlar” shioriga qaramay, Markaziy Osiyoda Islom ichki ziddiyatlarga to‘la edi. Butun musulmon dunyosida kuzatilganidek, bu din musulmonlar o‘rtasidagi mojarolarni hal etishda ko‘pincha samarasiz bo‘lgan (masalan, Eron-Iroq urushi). Va xuddi shu kabi Markaziy Osiyoda ham yana bu muvaffaqiyatsizlikni boshdan kechirayotgan edi. Markaziy Osiyoda esa Toshkent va Olma-Atadagi muftiylar o‘rtasida — ya’ni o‘zbek va qozoq musulmonlari o‘rtasida — diniy raqobat mavjud bo’lgan. Bundan tashqari Eron diniy fundamentalizmi hamda mintaqadagi vahhobiylar harakatining [so’nggi bobda so’z yuritilgan] salbiy ta`siri ham ehtimoldan xoli emas edi. Markaziy Osiyo Islomidagi eng jiddiy bo’linish bu musulmon elitalari bilan omma o‘rtasidagi bo‘linish edi. Elitalar o‘zlarini asr boshidagi jadid islohotchilarining intellektual va ratsional merosiga sodiq guruh deya hisoblasalar, boshqa tomondan islomni hissiy va xurofiy mohiyatga ega xalqchil harakat deb biluvchi keng xalq ommasi ham turardi. Ayni shu omma kelajakda elitaning dunyoviy hokimiyatiga qarshi bosh ko’taruvchi ommaviy harakatni shakkllantirishi mumkin edi.

Bu bo‘linish va beqarorliklar, har qanday o‘zbek rahbariyatining, hatto eng yaxshi sharoitlarlar yaratilgan davrda ham, barqarorlikni saqlash salohiyatini xavf ostiga qo‘yadi. 1990-yil mart oyida Bosh vazir tan olganidek, O‘zbekiston tobora kuchayib borayotgan qashshoqlik, ijtimoiy ta’minot tizimining inqirozi, jilovlanmagan inflyatsiya, iqtisodiy faoliyatning falajlanishi va ishsizlikning keskin oshishi bilan yuzlashayotgandi. Umuman olganda, davlat istiqboli bulutli edi.

Ko‘rib o‘tganimizdek, shu paytgacha siyosiy sahnada asosiy rolni o‘zbek elitalari o‘ynab kelgan, biroq ularning o’zi o‘zaro birlikdan yiroq edi. Ularda mafkuraviy, qabila, geografik va boshqa tafovutlarga ko’ra bo‘linishga moyillik bo’lgan. Masalan, 1990-yilda “Birlik” norasmiy harakati, o’z nomi shioriga qaramay, ichki ixtilofga yuzlandi. Harakatning yetakchi a’zolari yangi siyosiy partiya — “Erk” partiyasini tuzish va islohotlarni mavjud tizim ichida olib borishni bildirdilar. “Birlik” partiyasi esa nisbatan radikal faollar qo‘lida qoldi.

 Xo’sh, o’zbeklar va ular bilan bir respublikada yashovchilar hatto bundanda aholisi turfa bo’lgan xalqlarni qulatgan inqirozlarga qarshi turib bera oladimi?

Prezident Karimov va uning atrofidagilar bu muammolarga javoban barcha uchun yangi imkoniyatlar yaratishni va’da qildilar. Karimovning nutqlari juda aniq, amaliy ohangda bo‘lib, u aholining barcha qatlamlariga murojaat qilishga intildi. Hali davlat mulkchiligi doirasida bo’lsa-da, xususiy tashabbusni rag’batlantirishga e`tibor qaratildi. Karimovning dastlabki tashabbuslaridan biri — yerning muayyan qismini xususiy foydalanishga (xususiy mulk uchun bo’lmasa ham) berish va’dasi bo‘ldi. U va uning tarafdorlari qat’iy ravishda “bozor iqtisodiyotiga o‘tish” siyosatini ilgari surdilar. Karimov O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o’tish mintaqadagi boshqa qo’shni hududlarga nisbatan oson va yengil kechishini ishonch bilan ta’kidladi. So‘zining isboti sifatida O‘zbekistonning savdo sohasidagi uzoq “tarixiy” tajribasini, qimmatbaho mollarni tashigan karvonlarning bu hududlardan o‘tgan farovon kunlarni esga oldi. Siyosatning bir qismi sifatida mahalliy iqtisodiy an’analarni va urf-odatlarni “qayta tiklash”, shu jumladan, kasanachilikka asoslangan milliy hunarmandchilik va etnik san’atni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Karimov iqtisodiy siyosatining yana bir yo‘nalishi — xorijiy davlatlar bilan bevosita savdo aloqalarini faol yo‘lga qo‘yish edi. Shu maqsadda “Tashqi savdo va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy aloqalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi” tashkil etildi. Bunday nomlanish zamirida Moskva markaziy byurokratiyasining iqtisodiy nazorat (monopoliya) halqasini uzish maqsadi bor edi. Shu bilan birga, eng asosiy kurash O‘zbekistonning resurslari (jumladan paxta) va sanoat obyektlari ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga olish ustida ham borardi. Bu orada o‘zbeklar dunyoning boshqa qismlari bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida sezilarli yutuqlarga erishdilar. Musulmon bo‘lmagan mamlakatlar orasida Belgiya bilan to‘qimachilik fabrikalari qurilishi uchun moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi, Janubiy Koreya esa (O‘zbekistondagi koreys diasporasini nazarga olgan holda) turli savdo loyihalariga qiziqish bildirdi. Shuningdek, o‘zining turkiy aholisiga ega bo‘lgan qo‘shni Xitoy davlati ham bor edi: qo‘shimcha ravishda SSSRda sotish uchun termos idishlari ishlab chiqarish maqsadida Toshkentda zavod qurgan “Xitoy-Sovet” qo‘shma korxonasining barcha yetakchi rahbarlari musulmoncha ismlarga ega ekanligini ham e’tiborga olish kerak.

Ammo yaqin istiqbolda O‘zbekiston o‘z iqtisodiy aloqalarining katta qismini Rossiya va boshqa sobiq sovet respublikalari bilan bog‘lab turishga majbur bo‘ladi. Uzoq muddatli istiqbolda esa o‘zbek orzusi — yengil sanoat markaziga aylanish orqali ikkinchi Yaponiya yoki ikkinchi Janubiy Koreya bo‘lish, elektronika kabi sohalarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va endi tashkil topgan davlat uchun qattiq valyutada daromad qilib, ishsizlarni ish bilan ta’minlash edi. Ammo bu orzuni amalga oshirish yo‘lida ulkan to‘siqlar mavjud bo‘lgan: ishsizlarning ko‘pchiligi malakasiz yoki faqat qishloq xo‘jaligi ko‘nikmalariga ega; zavodlar qurilishi esa katta sarmoya talab etadi. Uning iqtisodiy siyosatidagi asosiy maqsadi Moskva sanoatni rivojlantirish uchun berishni doim rad etib kelgan kapitalni xorijiy investorlarni jalb etish orqali qo’lga kiritish edi. Buning uchun Karimov ijtimoiy-etnik notinchliklar va Moskva bilan davom etayotgan nizolar sharoitida ham ularni O‘zbekistonning siyosiy barqarorligiga ishontira olishi zarur.

Karimov rahbar sifatida qancha muvaffaqiyatga erishmasin, u tashqi ko’maklarsiz ekologik inqiroz ko’lami bilan kurasha olmasdi. Hali to’liq ko’rib chiqilmagan yagona chora bu, agar hech qanday siyosiy to’sqinlikka uchramasa, dunyoning boshqa chekkalarida shunga o’xshash muammolar bilan shug’ullangan YUNESKO va Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti kabi xalqaro agentliklar ishtirokini ta’minlash edi. Shu orqali kamida Orol dengizining qurib borishi, shuningdek, tuproq, havo hamda suvning ifloslanishi singari holatlarning jiddiyligiga jahon e’tiborini qaratishga erishish mumkin.

O‘zbekiston hukumati o‘z oldida turgan muammolarni hal etishga jiddiy yondashayotganining isboti sifatida xorijda mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha faol dasturlarni yo’lga qo’yganida ham ko’rish mumkin. Masalan, 1990–1991 o‘quv yilida oltita o‘zbek mutaxassisi Harvard universitetining Xalqaro taraqqiyot instituti qoshida bir yilgacha bo‘lgan muddatda tahsil olib, iqtisodiyot, huquq va siyosatshunoslik kabi turli sohalarda bilimlarini oshirgan. Ushbu mutaxassislar g’arb adabiyoti bilan tanish bo‘lib, ingliz tilini mukammal bilgan kadrlar edi.

So‘nggi yillarda, hatto Garbachyov davrida ham muayyan demokratlashtirish harakatlari kuzatilganiga qaramay O‘zbekiston siyosiy tizimi avtoritarligicha qoldi. Endilikda Moskvadagi KPSSga sodiqlikni ochiqchasiga da`vo qilmay, marksizm-leninizm g’oyalaridan butunlay voz kechgan boshqa o’zbek qadriyatlariga asoslangan mafkurani ilgari surayotgan bo’lsa ham, prezident Karimov boshchiligidagi Respublika Kommunistik partiyasi kuchli va faol edi. Ammo Oliy Kengashga nomzodlar ko‘rsatish va saylovlar hamon partiya ta’sirida o’tkazilgan.

Biroq bu umid uchqunlari batamom so’nganini bildirmasdi. Karimov shaxsiyatining o’zi bu uchqunlardan biri edi. U, har qancha avtoritar bo‘lmasin, respublika farovonligi uchun harakat qilgan va buning uchun Moskvaga qarshi turishga ham tayyor edi. Uning paxta bilan bog’liq turli masalalarda markazdan muayyan imtiyozlarni qo’lga kirita olishi, shubhasiz, uning omma oldidagi obro’yini oshirishga xizmat qildi. Xususiy foydalanish uchun xalqqa ma’lum yer ajratib berish to’g’risidagi qarori esa o’sha paytda dolzarb bo’lib turgan muammoga oqilona yechim bo’ldi. Uning harakatlari va so’zlarida pensionerlar, o‘qituvchilar va urush faxriylari kabi ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarga nisbatan samimiy e’tiborni ko’rish mumkin edi. Va ayni shu jihatdan ham u o’zidan oldin qisqa muddatga tayinlangan hamda nutqlari ham katta ehtimol bilan Moskva Markaziy Qo’mitasi tomonidan tayyorlab berilgan rahbarlar — Usmonxo’jayev va Nishonovdan keskin farq qilgan.

O‘zbekiston, agar imkoniyatlar yaratilsa, samarali davlat boshqaruvi yo‘lida xizmat qila oladigan zamonaviy jamoat institutlariga ega. Ammo bu institutlar yillar davomida shakllangan ma’muriy-buyruqbozlik an’analaridan tozalanishi zarur. Muhammad Solih kabi jamoatchilar davlatni xalq ehtiyojlariga nisbatan befarqlikda ayblagan bo’lsalar ham, O’zbekiston Oliy Soveti Moskvadagi kabi turli fikrlar to’qnashuvi uchun, ba`zilari rasmiy siyosatga zid bo’lishiga qaramay, minbar bo’la oldi. Agar o‘zbek jamoatchiligi davlat boshqaruvida faol ishtirok etishni o‘rganib, zo‘ravonlik va itoatkorlik yillarida shakllangan loqaydlikdan xalos bo‘lsa, mavjud institutlar yanada demokratik ruh bilan boyitilishi mumkin.

Eng muhimi esa elita qatlam millatning asosiy boyligi sifatida ko’rilishi kerak. Bu qatlamni oliy ma`lumotli, intellektual mutaxassislar — ma’murlar, iqtisodchilar, olimlar, o‘qituvchilar, yozuvchilar va san’atkorlar tashkil etadi. Ular o‘zlarini O‘rta asr islom uyg‘onish davri hamda jadidchilik harakati merosxo‘rlari, shuningdek, zamonaviy intellektual taraqqiyotning davomchilari deb biladilar. Boshqa mustamlaka tizimlaridagi kabi, o‘zbek elitasining milliy qadriyatlari ham bosqinchi davlat ta’lim tizimi orqali shakllangan bo‘lib, bu tizim faqat marksizm-leninizm emas, balki Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov kabi rus klassiklari hamda Balzak, Dikkens va Heminguey kabi g‘arb yozuvchilari asarlari orqali shakllangan edi.

So‘nggi yillarda mahalliy matbuotda olib borilgan bahs va munozaralar ushbu elitaning madaniy va intellektual merosini to‘liq aks ettirdi. Endi o’zbek yozuvchisining bir vaqtning o’zida ham Monteskedan, ham Sharqda masallari keng tarqalgan Xo’ja Nasriddindan iqtiboslar keltirib siyosiy fikr bildirayotganini ko’rish hayratlanarli emas. Bahslar va intellektual fikr almashinuv madaniyati shuni ko‘rsatadiki, agar elitalarga tashqi siyosiy kuchlar tomonidan imkon berilsa, ular yillar davomida to‘plangan befarqlik va itoatkorlikni yengib, mustaqil, pluralistik va demokratik jamiyat qurish yo‘lida dadil qadam tashlashga tayyordirlar.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About